Shu yil 21 noyabr kuni Bosh qomusimizning 33 yilligini keng va munosib nishonlash maqsadida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi Prezident farmoyishi qabul qilindi. Unga ko‘ra, bu yilgi bayram “Konstitutsiya – inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan holda o‘tkazilishi belgilandi.
Bugungi kunda Konstitutsiyamizning 33 yilligi munosabati bilan mamlakatimiz bo‘ylab keng qamrovli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi va O‘zbekiston Fermerlari kengashi hamkorligida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda yangi tahrirdagi Konstitutsiyada inson qadrini yuksaltirish, tadbirkor va fermerlar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan normalar xususida atroflicha fikrlar bildirildi. Qishloq xo‘jaligi sohasidagi huquqiy kafolatlar, faoliyatni yanada erkin va samarali yuritish imkoniyatlari batafsil tushuntirildi.
— Bosh qomusimizda partiya elektorati bo‘lgan tadbirkorlar, ishbilarmonlar, fermerlarning xususiy mulkka ega bo‘lishi va mulk daxlsizligi ta’minlanishi belgilab qo‘yilgan, — dedi partiya yetakchisi Aktam Haitov. — Konstitutsiyamizda mujassam bo‘lgan ushbu huquqiy asoslar fermerlar va tadbirkorlar faoliyati uchun mustahkam himoya va keng imkoniyatlar yaratmoqda. Shuningdek, Bosh qomusimizda belgilangan inson qadri, erkinlik va adolat tamoyillarini alohida e’tirof etish lozim. Bularni hayotga tatbiq etish yurt taraqqiyoti va aholi farovonligida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Tadbirda Konstitutsiyamizning 33 yilligini yuqori saviyada nishonlash, Asosiy qonunimizning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tizimli tashkil qilib borish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA