Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkor uyma-uy yurib aholiga daromad topish sirlarini o‘rgatmoqda
17:35 / 2021-12-16

Buxoro viloyati Kogon tumanidagi «Yangi hayot» mahalla fuqarolar yig‘ini hududiga kiruvchi cho‘l zonasidan qariyb 6 gektar yer maydoni olib, parrandachilik va baliqchilikka qo‘l urgan Qo‘ldosh Sachoqov bugun 4-sektor tadbirkorlaridan sanaladi.

Tadbirkor boshchiligidagi “Kogon-Fish-Broller” korxonasida ayni paytda 30 ming bosh broyler jo‘jalari parvarishlanmoqda. Yaqin kelajakda ularning soni 65 mingtadan oshadi.

Qo‘ldosh aka Sachoqov o‘zining 2,5 milliard so‘mi va yana shuncha bank krediti mablag‘i hisobiga tadbirkorlik faoliyatini joriy yil may oyida boshlagan edi. Buning uchun u dastlab chet eldan parrandachilik va baliqchilikka ixtisoslashgan zamonaviy uskunalarni xarid qildi. Shundan so‘ng, mutaxassislar ko‘magida birin-ketin ishlab chiqarish jarayonlarini boshladi.

Tadbirkor qisqa vaqtda ancha yutuqlarga erishdi. E’tiborlisi, korxonada parrandachilik va baliq mahsulotlari klaster uslubida yetishtirilmoqda. Natijada ichki bozorga arzon narxlarda yetkazib berilmoqda. Bu yerda 20 dan ortiq doimiy va 30 dan ortiq mavsumiy ishchilar daromad topmoqda.

Tadbirkorning intensiv va ochiq havzada yo‘lga qo‘ygan baliqchiligidan topayotgan daromadi ham yaxshigina. Korxonada ishlab chiqarilayotgan arzon yem mahsulotlari ham iqtisodiy barqarorlikka eltmoqda.

Shu paytgacha baliqchilik uchun kerakli ozuqa mahsulotlarining har bir kilogrammi chetdan o‘zimizga 16-17 ming so‘m atrofida kirib kelgan. Tadbirkorning ushbu ozuqa mahsulotini o‘z korxonasida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganidan keyin uning tan narxi 6 ming 500 so‘mga tushayapti. Xuddi shunday parranda uchun kerakli yem mahsulotlari ham shu yerning o‘zida arzon narxlarda ishlab chiqarilmoqda.

Tayyor mahsulotlar esa korxonaning o‘zida “FRIKO” brendi ostida qadoqlanib, peshma-pesh savdo rastalariga jo‘natilyapti.

– Uy sharoitida ham shunday choralarni ko‘rib yuqori daromad olish mumkin ekan, – deydi “Kogon-Fish-Broller” korxonasi rahbari Qo‘ldosh Sachoqov. – Buni ishchi-xodimlarimiz bilan ishsiz aholining uylariga borib ko‘rsatib berayapmiz.

«Yangi hayot» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi Mehriniso Jo‘rayeva anchadan beri ishsiz edi. Ammo uning uy  sharoitida bo‘lsa ham daromad topishga istagi borligi uchun sektor ishchi guruhining tavsiyasi bilan “Kogon-Fish-Broller” korxonasi ushbu oila bilan hamkorlikni boshlab yubordi. Hamkorlik ham oddiygina, ya’ni korxona uy egasiga broyler jo‘jalari, uning ozuqalari va kerakli vitaminlarini yetkazib berib turadi. 45 kundan so‘ng esa boqilgan jo‘jalarni korxonaning o‘zi sotib oladi. Bunday hamkorlikdan uy egalari har 45 kunda kamida 3 milliondan daromad olmoqda.

Qo‘ldosh Sachoqov ushbu yo‘nalishda aholini tadbirkorlikka o‘rgatib, shu orqali ularning daromadini oshirishga hissa qo‘shayotir. Ayni paytda Kogon va Qorovulbozor tumanlaridagi o‘nlab xonadonlarda parrandachilik yo‘lga qo‘yilib, fuqarolarga tadbirkorlik uchun motivatsiya berilayapti. Bunday qo‘llovdan ilhomlangan ishsiz aholi esa o‘z-o‘zidan tadbirkorlikka kirishib ketadi.

 

Zarif Komilov, O‘zA