Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkor uchun qulaylik markazi
11:02 / 2015-12-24

Samarqand viloyati adliya boshqarmasida “Yagona darcha” markazlari orqali davlat xizmatlari ko‘rsatish tartib-taomillarini tushuntirishga bag‘ishlangan o‘quv seminari o‘tkazildi.

Samarqand viloyati adliya boshqarmasida “Yagona darcha” markazlari orqali davlat xizmatlari ko‘rsatish tartib-taomillarini tushuntirishga bag‘ishlangan o‘quv seminari o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Axborot va kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish vazirligi, Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda huquqni muhofaza qilish va nazorat organlari xodimlari, manfaatdor tashkilotlar vakillari va tadbirkorlar ishtirok etdi.

Prezidentimizning 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda 2015-yil 28-sentabrdagi “Tadbirkorlik subyektlariga “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2016-yil 1-yanvardan tuman va shaharlarda tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha “Yagona darcha” markazlari faoliyat boshlaydi.

O‘quv seminarda mazkur hujjatlar asosida amalga oshirilayotgan ishlar, yangi tashkil etiladigan markazda tadbirkorlar uchun yaratiladigan qulaylik va imkoniyatlar hamda ulardan foydalanish tartiblari haqida so‘z yuritildi.

Ta’kidlanishicha, shu paytgacha tuman va shahar hokimliklari huzuridagi tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatga olish inspeksiyalari negizida tashkil etilishi rejalashtirilgan ushbu markazlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilgan. Ayni paytda barcha hududlarda markazlar uchun binolar ajratilib, tegishli tartibda jihozlangan va yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlangan. Markazlar ish tartibi tadbirkorlar uchun sodda va tushunarli bo‘lishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

– 2016-yildan boshlab bir qator davlat xizmatlari faqat “Yagona darcha” markazlari orqali amalga oshiriladi, – deydi Samarqand viloyati adliya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Maqsud Qurbonov. – Bu orqali maxsus davlat xizmatlari ro‘yxatida belgilangan xizmatlarni ko‘rsatish va tegishli arizalarni ko‘rib chiqishda davlat idoralarining mijozlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilishini ta’qiqlash, shuningdek, markaz orqali ariza yuborishda hudud va boshqa sabablar tufayli yuzaga keladigan cheklovlarni bartaraf etish ko‘zda tutilgan. Markazda elektron navbat tizimi joriy etiladi va arizalar markazning mas’ul xodimi – operator tomonidan ko‘rib chiqiladi. Operator mijozni qabul qilib, lozim bo‘lsa, tegishli hujjatlarni to‘ldirishga yordam beradi va uning arizasini ro‘yxatga oladi. Keyingi bosqichda ariza avtomatik ravishda tegishli davlat idorasi, muassasasiga yo‘naltiriladi. Arizaga javob ham markazning o‘ziga taqdim etilib, arizachi davlat idorasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat etishiga hojat qolmaydi. Arizachi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ham murojaat qilish imkoniyatiga ega.

Seminar doirasida faoliyati “Yagona darcha” markazlari bilan bog‘liq tadbirkorlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.