Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkor tashabbusi bilan “Navro‘zbuloq” eng obod go‘shaga aylandi
16:42 / 2022-05-10

Yurtimiz bo‘ylab Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy harakati tabiatni asrash, ekologiyani yaxshilashda muhim tashabbuslardan bo‘ldi.

Uning doirasida kelgusi besh yilda 1 milliard tup daraxt ko‘chatini ekish maqsad qilindi. Davlatimiz rahbari “Yashil yillik” umummilliy harakatining natijasi har bir mahallada ko‘rinishi kerakligini va bu savobli ishga barcha birdek havas bilan hissa qo‘shishi lozimligini ta’kidlagan edi.  

Mamlakatimizda daraxtlarni kesishga moratoriy 2024 yilga qadar uzaytirilgani eng to‘g‘ri qaror bo‘ldi. Zero, yer yuzida quruqlikning qariyb uchdan bir qismini egallagan o‘rmonlar yildan-yilga kamaymoqda. Birgina 1990 yilning o‘zida dunyo 178 million gektar o‘rmonidan ayrilgan.  



Jizzax shahrining chekka bir mahallasida o‘zining amaliy ishlari bilan “Yashil makon”ga hissa qo‘shayotgan bir inson bor. Bir zamonlar jizzaxliklarning milliy bayramlari o‘tkaziladigan eng gavjum maskan bo‘lgan, keyinchalik qarovsiz qoldirilib, odam qadam bosishga qo‘rqadigan chiqindixonaga aylangan “Navro‘zbuloq” aynan shu inson – Sunnatilla Boyxo‘rozov mehnati bilan bugun eng obod go‘shaga aylandi. Ayniqsa, jizzaxliklar ushbu hududdagi “Qo‘tirbuloq”ning shifobaxsh suvidan yana bahramand bo‘lib, bu yerga “Kichik Zomin” deya nom berishgan.  

Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, sohibqiron Amir Temurning jangu-jadallardan qaytayotgan askarlari aynan “Qo‘tirbuloq”da to‘xtab o‘tgan. Yaradorlar buloqdan suv ichib, shifo topgan va yana safga qaytgan ekanlar.  

Sunnatilla Boyxo‘rozov “Qo‘tirbuloq”qa olib boruvchi 1 kilometrdan ortiq yo‘lni kengaytirib, bitta daraxt o‘smagan yo‘l bo‘ylari va tog‘ yon-bag‘irlariga archa va har xil mevali daraxt ko‘chatlarini ekib, bog‘ yaratdi. Hozir bu yerda suvni kam talab qiladigan 10 mingdan ziyod mevali va manzarali daraxt parvarish qilinmoqda. Har yili yana uch mingdan ortiq yangi ko‘chatlar o‘tqazilib, parvarish qilinmoqda. Daraxtlar uchun tomchilatib sug‘orish tizimi o‘rnatilgan.  

Ma’lumki, pavlovniya nafaqat eng tez o‘sishi bilan, balki qimmatli yog‘och, biomassa manbai ekani bilan qadrlanadi. Bugun u manzarali daraxt sifatida istirohat bog‘lari, xiyobonlarni ham bezab turibdi. Tadbirkor Sunnatilla Boyxo‘rozov bugun minglab pavlovniya ko‘chati nihollarini ko‘kartirib, ko‘chat tayyorlashni yo‘lga qo‘ydi. 

– Bu yerlar toshloq bo‘lgani uchun suv turmay, avvaliga darxtlarni ko‘kartirishga juda qiynaldik, – deydi S.Boyxo‘rozov. — Tajriba qilaverib, buning ham chorasini topdik. Har bir ko‘chat ostiga oshqovoq ekadigan bo‘ldik va bu samara berdi. Oshqovoq namlikni ushlab turishi bilan birga daraxtlarni quyoshdan asradi va shu tariqa “Navro‘zbuloq”ni katta bog‘ga aylantirdik. Shundan so‘ng bu yerda poliz mahsulotlari ham yetishtira boshladik. Ko‘chatlarni ham yuz foiz o‘zimizning issiqxonamizda yetishtiramiz. Hozir ilk ekilgan daraxtlar hosilga kirdi. Hosilning bir qismini bozorga, bir qismi ishchilarga, bir qismini esa kam ta’minlangan oilalarga tarqatamiz. 

Bu yerda bog‘dorchilik bilan birga chorvachilik ham yo‘lga qo‘yilgan. To‘rt sotixlik issiqxonaga ekilgan limonning o‘zidan har yili 40 million so‘m daromad qilinmoqda. Shuningdek, urug‘dan yong‘oq, bodom, pista, o‘rik ko‘chatlari yetishtirilyapti. Hozir ilk ekilgan daraxtlar hosilga kirgan. Hosilning bir qismi bozorga, bir qismi ishchilarga, bir qismi esa kam ta’minlangan oilalarga tarqatiladi. Mevalarning bir qismi qayta ishlanib, sharbat va murabbo tayyorlanadi. Ishning ko‘zini bilgan Sunatilla aka chorvachilikda ham katta tajribaga ega. Go‘sht va sutdan olinadigan daromadning cho‘g‘i ham kam emas.    
 
Shu yilning 2 fevral kuni Prezident raisligida chiqindilar bilan ishlash tizimi va ekologik holatni yaxshilash masalasida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mamlakatimizda chiqindilarni yig‘ish, saralash, qayta ishlash va utilizatsiya qilish ahvoli qoniqarli emasligi, ayniqsa, mahalla, massiv va xiyobonlardan yig‘iladigan barg va daraxt shoxlarini yig‘ishtirish bilan shug‘ullanadigan mutasaddilar yo‘qligi va bu masalani hamma bir-biriga tashlash bilan ovora ekani tanqid qilindi. Ta’kidlash lozim, tadbirli S.Boyxo‘rozov bu borada ham katta tajribaga ega va bugun mahallalarda to‘planadigan xazonlarni qayta ishlab, ham daromad topayapti, ham

Nurullo Nasriyev, [10.05.2022 16:41]
atrof-muhit tozaligiga hissa qo‘shmoqda. 2020 yildan boshlab Koliforniya qizil yomg‘ir chuvalchangi orqali biogumus yetishtirishni yo‘lga qo‘ydi.  Biogumusning afzalligi — oddiy go‘ngga qaraganda hosildorlikni bir necha bor yuqoriga ko‘taradi.  Qolaversa, biogumusda o‘t urug‘lari bo‘lmas ekan. 

– Chuvalchangning 160 dan ortiq turi bor ekan, – deydi tadbirkor. – Bizning iqlimga mos, biogumusni tez yetishtirib beradigani, tez ko‘payadigani shu Koliforniya chuvalchangi ekan. Avval boshda 15 kv.metrga yetadigan chuvalchang sotib olgan bo‘lsam, bugun 1,5 ming kv.metrga yetadigan darajada ko‘paydi. Eng asosiysi, bu chuvalchang tosh, temir, yelim va tuproqdan boshqa barcha organik mahsulotlarni yamlamay yutarkan. Ayniqsa, barg va xazonlar, o‘t-o‘lan, uylardan chiqadigan chiqindilarga juda o‘ch.  Shu bois, obodonlashtirish idorasi bilan kelishib, kuzda Jizzax shahrida yig‘iladigan barcha xazonlarni shu yerga to‘plashni odat qildik. 

Bugun kambag‘allikni qisqatirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishda kichik tadbirkorlik sub’ektlariga suyanilayotgani bejiz emas. Klaster asosida ishlayotgan S.Boyxo‘rozov 30 ta doimiy va 20 ta mavsumiy ish o‘rni yaratdi.  

Tadbirkor bu yerda tibbiy turizmni rivojlantirish maqsadida yaqin vaqtlarda sihatgoh, mehmonxona qurish niyatida. Ekoturizm, agroturizm va gastronomik turizmni rivojlantirish bo‘yicha turkiyalik sarmoyadorlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.  

Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida ushbu sohada faollik ko‘rsatayotgan yurtdoshlarimiz soni ortmoqda. Yurtimizda ana shunday faollar, tashabbuskorlar, tadbirli insonlar yanada ko‘payaversin, deymiz. Chunki ular har sohada yangidan-yangi innovatsiyalarni qo‘llab, el koriga kamarbasta bo‘layotir, yangi ish o‘rinlarini yaratib, aholi vakillarini ish bilan ta’minlashga hissa qo‘shayotir. 

Muhtarama Komilova, O‘zA