Tadbirkorlik faoliyatida turli sabablar bilan asossiz qarzdorliklar yuzaga kelishi mumkin. Bunday holatlar tezlik bilan aniqlanib, hal etilsa, tadbirkor uchun katta yengillik yaratadi. Yaqinda shunday masala bo‘yicha 185 million so‘mdan ortiq qarz tadbirkor foydasiga hisobdan chiqarildi.
Qarshi shahrida faoliyat olib borayotgan “GIDROBIONIKA” MCHJ “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning “Energiyasavdo” filiali bo‘linmasi faoliyatidan norozi bo‘lib Raqobat qo‘mitasining Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasiga murojaat qilgan.
Olib borilgan o‘rganishlar davomida tadbirkor doimiy ravishda kommunal to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab borishiga qaramasdan, elektr ta’minoti korxonasining xodimlari elektron tizimga texnik xatolik sabab kiritilgan ma’lumotlarga ko‘ra, asossiz 185 million so‘mdan ortiq noreal qarzdorlik chiqarilganlik holati aniqlandi.

Yuqoridagilarga asosan hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotga nisbatan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablari buzilishi yuzasidan ish qo‘zg‘atildi. Ishni ko‘rib chiqish yakunlari yuzasidan tadbirkorga asossiz hisoblangan qarzdorlik hisobdan chiqarilishi ta’minlandi. Ushbu qonun buzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
“Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 18-moddasiga asosan ustun mavqega yoki ustun muzokara kuchiga ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektning yoki bir guruh shaxslarning pirovard natijada raqobatni cheklashga va (yoki) iste’molchilarning, boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kamsitishga olib keladigan harakatlari, shu jumladan, quyidagi harakatlari ustun mavqeni yoki ustun muzokara kuchini suiiste’mol qilish deb e’tirof etiladi hamda taqiqlanadi:
tovarlarning muomalasi hajmini tovar yoki moliya bozorida taqchillikni keltirib chiqarish yoki saqlab turish maqsadida narxlarning oshishiga va (yoki) iste’molchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga zarar yetkazilishiga olib keladigan tarzda qisqartirish;
shartnoma predmetiga taalluqli bo‘lmagan shartlarni, shu jumladan, moliyaviy mablag‘larni, boshqa mol-mulkni, mulkiy huquqlarni o‘zga shaxsga o‘tkazishga doir asossiz talablarni majburan qabul qildirish;
tovarni realizatsiya qilishda yoki olishda kamsituvchi shart-sharoitlarni belgilash, shu jumladan, tovardan foydalanish shartlarini majburan qabul qildirish talablari taqiqlangan.
Asossiz qarzdan ozod qilingan tadbirkor uchun bu ish muhim huquqiy yordam bo‘ldi. Bunday yechimlar boshqalarga ham ibrat bo‘ladi.
Nigora Rahmonova, O‘zA