Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkor o‘quvchilar bilan uchrashdi
16:30 / 2023-09-11

Mustaqilligimizning o‘ttiz ikki yillik bayrami arafasida mamlakat ravnaqi, yurt tinchligi va xalq farovonligi yo‘lida jonbozlik ko‘rsatgan fidoyilar qatorida faol, tashabbuskor tadbirkorlar vakillari ham davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandi.

Namanganda viloyat hokimining tashabbusi bilan davlat mukofotlariga munosib ko‘rilgan jonkuyar insonlar ishtirokida targ‘ibot uchrashuvlari tashkil etilmoqdaki, bu esa, hamyurtlarimizni o‘z ustida ishlashga, yurtimizdagi islohotlarga daxldorlik hissi bilan yashashga undamoqda.  

Ana shunday uchrashuvlardan biri Davlatobod tumanidagi 92-son umumta’lim maktabida “Iftixor kiyim sanoat” mas’uliyati cheklangan jamiyat ta’sischisi Adhamjon Iminjonov bilan yuqori sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazildi. Muloqot yoshlar uchun unutilmas taassurotlarga boy bo‘ldi. Tadbirkor Adhamjon Iminjonov Prezidentimizning farmoniga asosan “Mehnat shuhrati” ordeniga munosib ko‘rilgani, eng avvalo, respublikaning sanoat va tadbirkorlik markaziga aylangan Namangan viloyati tadbirkorlariga berilgan yuksak e’tibor hamda 1000 nafardan ziyod kishilar mehnat qilayotgan korxona uchun katta yutuq bo‘lganligini e’tirof etdi.  

[gallery-13531]

Darhaqiqat, yurtimizda kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan oqilona siyosat, yurtimizdagi qulay ishbilarmonlik muhiti, tadbirkorlarga berilayotgan keng imtiyozlar xususiy sektorning jadal rivoj topishiga xizmat qilmoqda. Asosan erkak va ayollar kostyum- shimlarini tikishga ixtisoslashgan korxona mahsulotlari ayni paytda Germaniya, Daniya, Belgiya, Avstriya, Polsha singari Yevropa davlatlariga eksport qilinmoqda.  

Qolaversa, korxona tomonidan To‘raqo‘rg‘on tumanida barpo etilayotgan yirik ishlab chiqarish loyihasi ishga tushishi bilan minglab yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Tadbirkor bunday yutuqlarning zamirida bilim, tinimsiz mehnat va izlanishlar samarasi mujassam ekanligini ta’kidlab, o‘quvchilarni o‘z oldiga qo‘yilgan maqsad sari og‘ishmasdan astoydil harakat qilish, oltinga teng yoshlik davrining qadriga yetish zarurligini uqtirdi.  

Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA muxbirlari