Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkor oʻzi oʻqigan maktabni taʼmirlashga 1,5 milliard soʻm ajratdi
11:00 / 2020-08-11

Fargʻonalik yosh tadbirkor Gʻayratjon Sayfuddinov xayrli ishga qoʻl urdi.


Fargʻonalik yosh tadbirkor Gʻayratjon Sayfuddinov xayrli ishga qoʻl urdi. U oʻzi oʻqigan Bagʻdod tumanidagi 1-umumiy oʻrta taʼlim maktabini taʼmirlash va obodonlashtirish uchun 1,5 milliard soʻm mablagʻ ajratdi.

U rahbarlik qilayotgan “017-koʻchma kolonna” masʼuliyati cheklangan jamiyati ayni paytda mamlakatimizning oʻndan ortiq hududidagi ijtimoiy obyektlarda qurilish va taʼmirlash ishlarini olib bormoqda. Ish koʻlamining kengligi bois qoʻshimcha 500 nafar ishchiga ehtiyoj sezmoqda.

Eʼtiborlisi, tadbirkor kelgusi yili bu yerda qoʻshimcha oʻquv binosini ham qurishni niyat qilgan.

Jamiyatning ish boshqaruvchisi Doniyorjon Shobdozovning maʼlum qilishicha, mavjud oʻquv binolarining tashqi fasadi zamonaviy koʻrinish olishi uchun suvoq va pardozlash ishlari olib borildi. Rejaga binoan, bu koʻrsatkich yaqin kunlarda qariyb 2 barobarga ortadi.

– Maktab hovlisi toʻliq asfaltlanadi, – deydi ish boshqaruvchi. – Bundan tashqari, asosiy kirish darvozasi yangilanadi, barcha eshik va romlar alyumin profilidan tayyorlanib oʻrnatiladi. Sinf xonalarida ham taʼmirlash ishlarini bosqichma-bosqich olib borish koʻzda tutilgan. Qurilish firmamizning koʻpgina quruvchi-ustalari ayni shu maktabni tamomlashgan. Tabiiyki, olijanob ishga ozmi-koʻpmi hissa qoʻshayotganlaridan ular ham xursand.

Mazkur maktab direktori Ziroatxon Abdurahmonovaning aytishicha, yangi oʻquv yilida birinchi sinflarga 124 nafar hamda xorijiy tillarga (ingliz va rus) ixtisoslashgan 2 ta sinfga 60 nafar oʻgʻil-qiz qabul qilinishi evaziga maktabdagi oʻquvchilar soni 1 ming 160 nafarga yetadi. Mamlakatimizda karantin talablari yengillashib, taʼlim muassasalari faoliyatiga ruxsat berilgudek boʻlsa, oʻquvchilarimiz oʻz maktablarini tanimay qolishlari aniq, deydi direktor.