Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkor motivatsiyasi: «Biz hech kimdan kam emasmiz»
21:14 / 2021-06-03

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida o‘tkazilgan «Biznes marafon»da tadbirkor, “Dekos.uz” asoschisi Hasan Mamasaidov motivatsiya beradigan yaxshi bir voqeani esladi. U AQSHga safari chog‘ida yirik korporatsiyalarda ishlaydigan yurtdosh yoshlarimiz bilan uchrashganligi haqida gapirib berdi.

Uning ta’kidlashicha, Google, Amazon, Intel kabi yirik korxonalarda 20 minglab ishchilar mehnat qiladi, shulardan 10 foizi albatta, hindistonlik bo‘lar ekan. Nega? Chunki, hindistonliklar bir-biri bilan juda inoq, ahil. Bitta hind yaxshi ishga joylashsa, Hindistondagi boshqa tanishlarini ham shu korxonaga chorlaydi. Masalan, Google da hindistonliklar 2 ming nafardan ortiq va ularning aksariyati top-menendjerlik lavozimlarda faoliyat yuritadi.

– Ushbu korporatsiyalarda ishlaydigan yurtdoshlarimiz shuni istaydi-ki, qani endi, Google, Facebook, Apple, Amazon kabi yirik korxonalarda minglab o‘zbekistonliklar ishlasa va ular ham yiliga 200 ming AQSH dollar topsa, – deydi Hasan Mamasaidov. – Buning imkoni bor, aslida. Hozirda bizning yurtdoshlarimiz arzimagan pulga yaqin davlatlarga chiqib ketyapti. Oyiga 200-300, 500 nari borsa 1000 AQSH dollar topayapti. Ammo bizning ham hech kimdan kam joyimiz yo‘q va yuqori maoshli ishlarga o‘g‘il-qizlarimiz ham munosib.

[gallery-2669]

«Biznes-marafon»da ishtirok etgan motivatorlar yoshlarga muvaffaqiyatga erishish uchun birinchi navbatda xorijiy til, xususan, ingliz tilini o‘rganishni tavsiya qildi.

Namangan, Andijon, Farg‘ona, Sirdaryo, Toshkent, Jizzax, Navoiy, Buxoro viloyatlari hamda Qo‘qon shahrida bo‘lib o‘tgan va 10 mingga yaqin yoshlarni qamrab olgan «Biznes marafon»ning navbatdagi manzili Nukus shahri bo‘ldi.

– Xuddi shunday marafon avval ham o‘tkazilgan edi, – deydi Deli.uz va M-Factor loyihasi asoschilaridan biri Husan Mamasaidov. – Qisqa vaqt ichida yoshlar o‘rtasida jiddiy o‘zgarishlar borligini anglayabmiz. Masalan, shu 3-4 yil oldin viloyatlar bo‘ylab aylanganimizda, ba’zi hududlarda zalga yoshlarni majburlab olib kelishganiga guvohi bo‘lgandik. Chiqib borayotgani bo‘lsa, boshida turgan mas’ullar «chiqma, o‘tirgin» deb aytganlarini ko‘rganmiz. Lekin, bugun hammasi boshqacha. Mana, bugun biz Nukus misolida ko‘ryapmiz-ki, hattoki o‘tiradigan joy topa olmay turganlar bor.

Marafon davomida yosh tadbirkorlar tomonidan biznes rejalarni tayyorlash va tadbirkorlikni boshlash uchun nimalar qilish kerakligi haqida tushunchalar berildi. Shuningdek, ishtirokchilar biznesni rivojlantirishda qo‘l keladigan dunyodagi ilg‘or tajriba va zamonaviy vositalar bilan tanishtirildi.

Ye.Qanoatov, M.Habibullayev (surat), O‘zA