Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkor "Mehnat shuhrati" ordeni bilan taqdirlandi
20:53 / 2023-02-07

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida tadbirkorlar va jamoatchilik vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda istiqbolli takliflarni ilgari surgan uchqo‘rg‘onlik Dilshod Otamirzayev Prezident farmoni bilan davlat mukofoti bilan taqdirlandi.

Mehnatlar samarasi bilan ardoqlanadigan yurtimizda har bir inson e’tiborda. U xoh dehqon, fermer, tadbirkor, shifokor bo‘lsin, shu Vatan istiqboli yo‘lida o‘z hayotini baxsh etayotgan fidoyilar aslo e’tibordan chetda qolmaydi.  

O‘zining vatanparvarlik, ishbilarmonlik va tashabbuskorlik fazilatlari bilan ko‘pchilikka, ayniqsa, yoshlarga alohida namuna bo‘lib kelayotgan, yangi ish o‘rinlari yaratib, ijtimoiy masalalarni hal etishda faol ishtirok etayotgan, mamlakatimizda yaratilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanib, baliqchilik tarmog‘ini ilg‘or xorijiy tajriba va innovatsion texnologiyalar asosida rivojlantirish, hududda iqtisodiy islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishga munosib hissa qo‘shayotgan Uchqo‘rg‘on tumanidagi "Uchqo‘rg‘on forel baliq" mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Dilshod Otamirzayevga "Mehnat shuhrati" ordeni tantanali ravishda topshirildi.

[gallery-10480]

Dilshod Otamirzayev 14 yil ota-onasidan olisda migrantlikda hayot kechirishga majbur bo‘ldi. O‘z oilasi bilan Rossiya Federatsiyaning Moskva shahrida turli og‘ir ishlarda mehnat qilishiga to‘g‘ri keldi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda kichik biznes muhiti va qulay investitsiya iqlimini yaratish borasida yo‘lga qo‘yilgan imkoniyatlar tufayli o‘z uyiga qaytdi. Yetti xazinadan biri sifatida ulug‘lanadigan, bolaligidan mehr qo‘ygan baliqchilik yo‘nalishida biznes yuritish maqsadida mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi mulkchilikni boshladi. U faoliyatini 2020 yilda 0,10 gektar yer maydonda noyob turdagi baliq yetishtirishdan boshlagan. Korxonada bugunga kelib, 1,5 million dona baliq uvildiriqlari parvarishlanib, ishchilar soni 205 kishiga yetdi. O‘tgan yili kooperatsiya tashkil qilingani natijasida qo‘shimcha 175 ta yangi ish o‘rni yaratildi.  

Tadbirda Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov, viloyat Nuroniylar jamoatchilik kengashi raisi, senator Ikromxon Najmiddinov, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Mamasoli Norxonov so‘zga chiqib, mamlakatimiz rahbarining Namanganga tashrifi chog‘ida viloyatda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik jadal suratlarda rivojlanib borayotgani, Namangan viloyati sanoat va tadbirkorlik markaziga aylangani e’tirof etilishi viloyat ahli, xususan tadbirkorlar faoliyatiga berilgan katta baho ekanligini ta’kidladi.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoni o‘qib eshittirildi. Tadbir yakunida ishbilarmon Dilshod Otamirzayev yuksak e’tibor uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi. Mamlakatimizda inson qadri ulug‘lanayotgani, mehnat qilgan hech qachon kam bo‘lmasligining amaliy isbotini o‘z hayoti va faoliyati misolida yana bir karra his qilganligini aytdi.

Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA