Tadbirkor maktab hududiga qo‘shimcha 120 o‘ringa ega bo‘lgan zamonaviy o‘quv binosi qurib berdi
Yakunlanayotgan yil Buvayda tumanidagi O‘rta qishloqlik yoshlar uchun yodda qoladigan bo‘ldi.
Yakunlanayotgan yil Buvayda tumanidagi O‘rta qishloqlik yoshlar uchun yodda qoladigan bo‘ldi. Mazkur qishloqda yashovchi tadbirkor Saidmahmud Sultonov o‘z mablag‘i hisobidan 45-umumta’lim maktab hududiga qo‘shimcha 120 o‘ringa ega bo‘lgan zamonaviy o‘quv binosi qurib berdi.
Shahar va qishloqlarning chiroyi, ijtimoiy sohalarning rivojlanib borishi va takomillashuvi, odamlar hayotining farovonlashuvi – bularning hammasida tadbirkorlarning hissasi katta. Farg‘ona viloyatida ham bugun tadbirkorlar qo‘llab-quvvatlanib, ularga har tomonlama amaliy ko‘mak ko‘rsatilmoqda. Albatta tadbirkor boy bo‘lsa, yurt ham boy bo‘ladi, hududlar yanada obodonlashadi. Shahar va tumanlarda ezgu amallarni amalga oshirib, elning duosini olayotgan tadbirkorlar ham ko‘p.
Buvaydalik tadbirkor S. Sultonov xayrli ishga qo‘l urdi. U o‘z hisobidan 1 milliard 200 million so‘m mablag‘ sarflab, 120 o‘rinli maktab binosining qurilishiga bosh bo‘ldi.
– Maktabimizda bugungi kunda 362 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda, –deydi 45-umumta’lim maktabi direktori Erkinjon Sattorov. – Faqatgina bitta bino bo‘lib, sinf xonalari yetishmas edi. Hamqishlog‘imizning saxovati bilan barcha sharoitlarga ega bo‘lgan qo‘shimcha bino qurilib, tuhfa qilindi. Bu binodagi 4 ta sinf xonasida yoshlarning bilim olishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Buvayda tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Adhamjon Umarovning aytishicha, joriy yilda investitsiya dasturi asosida 8, 10 va 13-umumta’lim maktablarida ham qurilish-ta’mirlash ishlari bajarilgan.