Sirdaryo viloyatidagi Boyovut tumanlararo iqtisodiy sudi «Lazizbek Gold» MCHJ manfaatida 75 560 000 so‘m miqdoridagi qarz hamda 1 511 200 so‘m davlat bojini undirish haqida qaror qabul qildi. Mazkur qarz Xovos tuman yo‘llardan foydalanish korxonasi tomonidan shartnoma majburiyatlari bajarilmagani tufayli yuzaga kelgan.
Yangiyer shahar adliya bo‘limiga tadbirkorlik sub’ekti tomonidan murojaat kelib tushgan bo‘lib, unda shartnomaga asosan ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lov to‘liq amalga oshirilmayotgani bildirilgan. Murojaat huquqiy tartibda ko‘rib chiqilib, sudga da’vo arizasi kiritildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tomonlar o‘rtasida 175,5 million so‘mlik shartnoma tuzilgan va «Lazizbek Gold» o‘z majburiyatlarini to‘liq bajargan. Biroq korxona xizmatlar uchun to‘lovni faqat qisman amalga oshirgan, natijada 75,5 million so‘m qarzdorlik yuzaga kelgan. Bir necha bor og‘zaki va yozma talabnomalar yuborilganiga qaramay, to‘lov amalga oshirilmagan.
Adliya organlari mazkur masalada tadbirkorga huquqiy yordam ko‘rsatib, uning qonuniy manfaatlarini himoya qildi. Sud ishni xolisona ko‘rib chiqib, tadbirkor manfaatida adolatli qaror qabul qildi.
Xulosa qilib aytganda, agar shartnoma tuzilgan bo‘lsa, har bir taraf o‘z majburiyatlarini o‘z vaqtida va to‘liq bajarishi shart. Aks holda, qonun doirasida chora ko‘riladi va tadbirkorning manfaati himoya qilinadi.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri