Bugungi kunda O‘zbekistonda tadbirkorlarga berilayotgan imkoniyatlar sabab har 1000 ta aholiga 32 ta tadbirkor to‘g‘ri kelmoqda.
O‘tgan 9 oy davomida nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlar ishi yuzasidan 117 304 ta tekshiruv o‘tkazilgan. Tekshiruvlar qonuniyligi yuzasidan o‘tkazilgan monitoring doirasida aniqlangan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha 860 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Tekshiruvlardan biri “QURUVCHI” MCHJning (tadbirkorlik sub’ektining nomi o‘zgartirilgan) mavjud bo‘lmagan ko‘chmas mulklarga nisbatan soliq hisoblanganidan norozi bo‘lib, Biznes-ombudsman devoniga murojaat qilganligi yuzasidan amalga oshirildi.
Aniqlanishicha, MCHJga tegishli 3 ta ko‘chmas mulk “Bukhara city” zamonaviy ishbilarmonlik va turar-joylar markazi qurilishi munosabati bilan 2020 yil 9 noyabrda MCHJ va Buxoro shahar hokimligi o‘rtasida tuzilgan kelishuv shartnomasiga asosan davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilgan.
Shunga qaramasdan, ushbu ko‘chmas mulklar MCHJ hisobidan chiqarilmaganligi natijasida ularga nisbatan soliq to‘lovlari hisoblanib, taqiqlar qo‘yilgan.
Hozirda Biznes-ombudsman devoni tomonidan holat nazoratga olinib, hokimiyat, soliq, va kadastr idoralari mas’ullari bilan birgalikda tadbirkorga zarur amaliy yordam berish choralari ko‘rilmoqda.
Shuningdek, Qarshi shahrida faoliyat yurituvchi “Sifat kafolati” MCHJ (nomi o‘zgartirilgan) ko‘rsatilgan xizmatlar qiymatini undirishda yordam so‘rab, “Tadbirkorlar virtual ofisi”ga murojaat qildi.
Aniqlanishicha, tadbirkor va Qashqadaryo viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi o‘rtasida tuzilgan autsorsing shartnomasiga asosan, parheznoma jadvali asosida xizmatlar ko‘rsatilgan. Biroq tibbiyot markazi tomonidan 559 mln so‘mlik ko‘rsatilgan xizmatlar qiymati to‘lanmasdan qolgan.
Shu sababli, Qashqadaryo viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazidan tadbirkor foydasiga ushbu mablag‘ni undirish to‘g‘risida Qarshi tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritildi.
Sud da’vo arizasini to‘liq qanoatlantirib, tadbirkor foydasiga 559 mln so‘m undirib berish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA