Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida tadbirkorlik sub’ektlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar samara bermoqda.
Jumladan, Majburiy ijro byurosining Boyovut tuman bo‘limi tomonidan tumanlararo iqtisodiy sudining 2025 yil 6 yanvardagi ijro hujjatiga asosan olib borilgan ijro harakatlari natijasida “S.O. servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati foydasiga 5 milliard 170 million so‘m miqdoridagi qarzdorlik undirildi.
Sud hujjatiga ko‘ra, qarzdor “M.M.T.” tashkiloti tomonidan umumiy hajmi 11 milliard 720 million so‘mlik qarz to‘lanishi belgilab qo‘yilgan. Mazkur qarzni undirish yuzasidan MIB tomonidan ijro harakatlari olib borilib, qarzdorning bank hisob raqamlariga band solindi, shuningdek, bino-inshootlari va avtotransport vositalari xatlandi.
Olib borilgan ijro harakatlari natijasida undiruvchi tadbirkor foydasiga 5 milliard 170 million so‘m miqdoridagi mablag‘ undirilib, uning bank hisob raqamiga o‘tkazib berildi.
Ayni paytda qolgan qarz miqdorini undirish bo‘yicha majburiy ijro harakatlari belgilangan tartibda davom ettirilmoqda.
Mazkur holat tadbirkorlik sub’ektlarining qonuniy huquqlari davlat tomonidan kafolatlangan holda himoya qilinishi, sud qarorlarining o‘z vaqtida va to‘liq ijro etilishi ta’minlanayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri