Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkor doimo qat’iyat va shijoat bilan ishlashi darkor
09:25 / 2023-09-09

Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Kattaqo‘rg‘on elektrotexnika zavodi” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Anvar Norboyev tadbirkorlar kuni munosabati bilan davlatimiz rahbarining farmoniga ko‘ra, “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Albatta, bu muvaffaqiyatga erishish oson bo‘lmagan.

Tadbirkor faoliyatini yo‘lga qo‘yib, zavodni iqtisodi baquvvat korxona darajasiga yetkazguncha ozmuncha mashaqqat chekmadi. Buni o‘zi biladi, atrofidagi yaqinlari his qiladi. Lekin qiyinchiliklardan cho‘chib, qo‘l qovushtirib o‘tirish ishbilarmon kishiga xos emas. Tadbirkor bir ishni boshladimi, qat’iyat va shijoat bilan ishlashi, oldiga qo‘ygan maqsadi sari dadil harakat qilishi lozim, deb hisoblaydi u.  

Anvar Norboyev ayni paytda o‘z tajribasini tumandagi yosh tadbirkorlarga o‘rgatib, ularga zarur maslahat va tavsiyalar bermoqda. Shu kunlarda joylarda tadbirkor bilan o‘tkazilayotgan uchrashuvlar shu maqsadga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.  

– Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, soha sub’ektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash yuzasidan mutlaqo yangi tizim yaratildi, tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi ko‘plab byurokratik to‘siqlar bartaraf etildi, – deydi A.Norboyev. – Ishning ko‘zini bilgan, salohiyatli tadbirkorlarga davlatimiz rahbari alohida e’tibor qaratyapti. Biz ham ana shu imkoniyatlardan foydalanib, bugun korxonamizda yiliga 1200 dona import o‘rnini bosuvchi transformator ishlab chiqarishga erishdik. 80 kishi doimiy ish bilan ta’minlandi. Albatta, ishingiz yurishib ketaversa, yangi g‘oya va tashabbuslarni ilgari surasiz. Biz ham zavod faoliyati bilan cheklanib qolmay, tikuvchilik fabrikasi ham tashkil qilishga kirishdik. Loyihamiz muvaffaqiyatli amalga oshib, hozirda bu yerda bir necha turdagi kiyim-kechak ishlab chiqaryapmiz, 50 nafar opa-singillarimiz ishli bo‘ldi. Bundan tashqari, tumanimizdagi 34 gektar lalmi maydonda zamonaviy usulda uzumzor tashkil qildik. Bugungi kunda erta hosilga kiruvchi navning 10 gektari meva bera boshladi.  

Tadbirkor tomonidan o‘tgan yili Meylixo‘ja mahallasida ochilgan 288 o‘rinli “WILLAGE SCHOOL” nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida mahalla bolalari zamonaviy sharoitda ta’lim-tarbiya olmoqda. Bu yerda 40 kishi doimiy ish o‘rniga ega bo‘lgan.  

– Prezidentimiz menga “Shuhrat” medalini topshirar ekan “Anvar, ishlaring yaxshimi? Endi yangiliklarni ko‘proq qilishing, ko‘proq o‘z ustingda ishlashing kerak”, deb tilak bildirdi, – deydi A.Norboyev. – Bunday ishonch va e’tibor har qanday kishini ruhlantiradi. Endi ishimizni yangi bosqichga olib chiqishga harakat qilyapmiz. Xususan, 2025 yilgacha korxona faoliyatini kengaytirib, 500 kishini ish bilan band qilishni maqsad qildik.  

G‘.Hasanov, O‘zA