French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkor boy bo‘lsa, xalq ham davlat ham boy bo‘ladi
11:46 / 2022-06-07

Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi xodimlari bojxona sohasida tadbirkorlik sub’ektlariga yaratilayotgan sharoitlar, taqdim etilayotgan imtiyozlarni yanada keng targ‘ib qilish, joyiga chiqqan holda muammolarni o‘rganish maqsadida “Nukussantexgazmontaj” mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo‘ldi.

Ushbu jamiyat xorijdan bug‘doy olib kelib, uni qayta ishlash natijasida un mahsulotini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.

Turkiya davlatidan qiymati 533 ming dollarga teng bo‘lgan asbob-uskunalar olib kirilganida hukumat qarorlariga asosan bojxona to‘lovlaridan 912 million so‘m miqdorida imtiyoz qo‘llanilgan ushbu korxona bugun kuniga 60 tonna bug‘doyni qayta ishlash quvvatiga ega. Shuning natijasida esa 30 nafar aholi doimiy ish o‘rni bilan ta’minlangan.

Tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash borasida yaratilayotgan imkoniyatlar o‘z samarasini ko‘rsatmoqda. Birgina Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi tomonidan joriy yil dastlabki 5 oyi davomida 154 milliard 230 million so‘m miqdorida bojxona to‘lovlaridan imtiyoz qo‘llanilgan holda rasmiylashtirilgan. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan 96,8 foizga oshgan ushbu ko‘rsatkich mamlakatimizda tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshiruvchi tadbirkorlik sub’ektlarining o‘z faoliyatini yanada kengaytirib, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilishiga zamin yaratmoqda.

Shundan, bug‘doyni qayta ishlash asbob-uskunalari uchun joriy yil boshidan 53 milliard 258 million so‘m miqdorida bojxona to‘lovlaridan imtiyoz qo‘llanilgan.  

Davlatimiz tomonidan yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalangan mazkur korxona yil boshidan Qozog‘iston Respublikasidan 315ming AQSH dollari qiymatidagi 126 tonna bug‘doy importini amalga oshirgan.

Orolbo‘yi hududida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan joriy yil boshidan 8 million 202 ming AQSH dollari qiymatidagi 31 ming 898 tonna bug‘doy mahsuloti erkin muomalaga chiqarilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3 ming 483 tonnaga ortgan.

Hozircha faqat ichki bozorni sifatli bug‘doy bilan ta’minlayotgan korxonaga bojxona xodimlari o‘z faoliyatini kengaytirib, kelajakda qayta ishlash mahsulotini “reeksport” qilish bo‘yicha qonunchilik talablarini, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 26 apreldagi “Bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimi qo‘llanilishini soddalashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berildi.

Xususan, 2022 yil 1 maydan boshlab tovarlarni qadoqlash, o‘rash (shu jumladan, qayta o‘rash), saralash, tozalash, boshqa tovarlarga moslashtirish va uskunalarni modernizatsiya qilish bojxona hududida qayta ishlash operatsiyalari hisoblanishi, tovarlar eksporti uchun O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan belgilangan bojxona yig‘imlari stavkalari, imtiyozlar, preferensiyalar va eksportni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha boshqa choralar, shu jumladan, temir yo‘lda tashish tariflari, subsidiyalar va kompensatsiyalar «reeksport» bojxona rejimida olib chiqiladigan qayta ishlash mahsulotlariga ham tatbiq etilishi va boshqa tartib-taomillari tushuntirilib, korxona faoliyatini kengaytirib, yanada ko‘p ish o‘rinlari yaratilishi bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Bojxona xodimlarining navbatdagi manzili issiqxona faoliyatini yo‘lga qo‘ygan “Global food impex” mas’uliyati cheklangan jamiyati bo‘ldi.

2018 yilga ishga tushgan mazkur korxona pomidorning “pink paradayz” navini ekib, hosil olib kelmoqda. Issiqxonada almashlab ekish texnologiyasi qo‘llanilgan holda pomidor sabzavoti bodring bilan navbatma-navbat yetishtirilmoqda.

Hozirda kuniga 2 tonnagacha mahsulot terib olish quvvatiga ega bo‘lgan ushbu korxonada 26 nafar xodim doimiy ish o‘rni bilan ta’minlangan, 20 nafari mavsumiy ishlaydigan xodim hisoblanadi.  

Ta’kidlash joizki, ushbu tadbirkorlik sub’ekti ham bojxona to‘lovlaridan taqdim etilayotgan imtiyozlardan oqilona foydalanib, bojxona to‘lovlaridan iqtisod qilingan summaning o‘z faoliyatini yanada rivojlantirishga ishlatmoqda. Xususan, korxona tomonidan qiymati 2,4 million AQSH dollariga teng tovar importi amalga oshirilib, ularga 8 milliard 175 million so‘m bojxona to‘lovidan imtiyoz qo‘llanilgan.

Bugun barcha jabhalarda davlatimiz ko‘magi va qo‘llab-quvvatlashi asosida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Bu esa o‘z navbatida mamlakatimiz rivoji, xalqimiz farovonligiga xizmat qiladi.

Dovud Abibullayev, O‘zA