Mamlakatimizda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va eksportni qo‘llab-quvvatlash, qo‘shimcha ishchi o‘rinlarini yaratish maqsadida, keng ko‘lamli ishlar olib borilib, tadbirkorlarga bir qancha qulaylik va yengilliklar yaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yilning 25 apreldagi “Bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimini qo‘llashni soddalashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-115 son farmoni hech shubhasiz tadbirkorlik sub’ektlariga juda katta qulaylik va vakolatlar beribgina qolmay, tashqi savdo geografiyasini kengaytirish va eksport hajmini yanada oshirishga zamin yaratmoqda.
Mirodil Mirzaahmedov ham mazkur berilgan qulaylik va imkoniyatlarda foydalanib kelayotgan tadbirkorlardan.
Salkam 10 yildan beri tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan Mirodil Mirzaahmedov bugungi kunda plastik idishlar ishlab chiqaruvchi "TARLEPLAST" korxonasi rahbari.
Joriy yilning 18 avgust sanasida Toshkent shahar bojxona boshqarmasi boshlig‘i T.Saidov ishtirokida o‘tkazilgan “Qayta ishlash” bojxona rejimi- keng imkoniyatlar eshigi” mavzusidagi sayyor uchrashuvda Xitoy davlatidan olib kelingan va bugungi kunda bojxona omborida “vaqtincha saqlash” rejimida saqlanayotgan 600 ming dollarlik 440 tonna “Polietilentereftalat” tovarlari borligini ma’lum qilib, ushbu xomashyolarni “bojxona hududida qayta ishlash” rejimiga joylashtirib, tayyor mahsulotni xorijga eksport qilishda amaliy yordam berish bo‘yicha murojaat qilgan edi.
M.Mirzahmedovning ta’kidlashicha, mazkur xomashyolardan qiymati 830 ming AQSH dollar bo‘lgan plastik suv idishlari ishlab chiqarib, uni qo‘shni mamlakatlarga sotishni rejalashtirilgan.
Hozirda tayyor tovarlarning dastlabki partiyasi, “reeksport” bojxona rejimiga rasmiylashtirilib, xorij bozorlariga yo‘naltirildi.
Mazkur jarayonlarda esa "Chuqursoy" tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari tadbirkorga yaqindan ko‘mak bermoqda.
Baxtiyor Kabirov,
“Chuqursoy” bojxona posti boshlig‘i o‘rinbosari