Poytaxtimizda “Tadbirkor ayollarning elektron tijorat salohiyatini rivojlantirish orqali ularning imkoniyatini kengaytirish” mavzusida o‘quv seminari tashkil etildi.
Xususiy sektorda faoliyat yuritayotgan hamkorlar bilan birga Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi tomonidan ayollar orasida raqamli va moliyaviy ko‘nikma bilan bog‘liq mavjud muammolarni bartaraf etishga qaratilgan tadbirda qayd etilganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda ayollar uchun doimiy ish joyi yaratish va shu bilan birga oilaviy biznes, kasanachilik, hunarmandlik, tomorqa xo‘jaligini keng rivojlantirish, o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishi uchun xotin-qizlarga har tomonlama ko‘maklashish doimiy e’tiborda.

Mazkur seminardan ko‘zlangan maqsad ham ayol va qizlar raqamli iqtisodiyotda faol ishtirok etishi, shuningdek kengayib borayotgan elektron tijoratdan keng foydalanishi imkoniyatini oshirish orqali ularning bandligini ta’minlashga hissa qo‘shishdir. Mazkur tashabbusni amalga oshirish uchun BMT TD moliyaviy savodxonlik va elektron tijorat bo‘yicha offlayn va onlayn o‘quv seminarlari tashkil qilmoqda.
Navbatdagi mashg‘ulotda “Uzum” market tarmog‘i mutaxassislari ishtirokchilarga onlayn savdo qilish, mahsulotni ijtimoiy tarmoqqa joylash va reklama qilish, moliyaviy savodxonlikni oshirishga doir ma’lumotlar berdi. Shuningdek hisob-kitob yuritish va moliyaviy hisobot tuzish, onlayn savdo uchun yuridik hujjat va shartnoma bilan ishlash ko‘nikmasi berildi.

Darvoqe, mazkur platforma BMT TD (UNDP) bilan hamkorlik memorandumi imzolagan O‘zbekistondagi birinchi IT-kompaniya hisoblanadi. Hamkorlik doirasida ikki tomon mutaxassislari mamlakat bo‘ylab aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami vakillariga moliyaviy savodxonlik va tadbirkorlik asosini o‘rgatadi. Raqamli platformalar ko‘payishi tadbirkorlikni rivojlantirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim o‘rin tutadi.
Oktyabr-noyabr oylari davomida barcha viloyatlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham hududiy monomarkazlar ko‘magida o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan bunday mashg‘ulotlar davomida jami besh yuzdan ziyod xotin-qiz muayyan bilimga ega bo‘ladi.

– Uyda o‘tirgan, aslida biror hunari bor ayollar uchun mo‘ljallangan ushbu seminar ishtirokchilarga o‘z mahsulotini ijtimoiy tarmoq orqali sotib, biznesini kengaytirishga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan, – deydi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi mutaxassisi Iroda Musayeva. – Ma’lumki, bugungi kunda ijtimoiy tarmoq orqali savdo qilib yaxshigina daromad topayotgan fuqarolarimiz ko‘p. Tabiiyki, ayni uslubda ishlash xotin-qizlar uchun juda qulay. Uydan, bola tarbiyasidan ajralmagan holda mahsulotni yaratish va sotish mumkin. Mutaxassislar esa ayollarga o‘zini o‘zi band qilish va onlayn savdo yuritish sir-asroridan saboq bermoqda.
Seminarda faol ishtirok etgan xotin-qizlarga maxsus sertifikat beriladi.
Go‘zal Sattorova, O‘zA