Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida “Ishbilarmon ayol – 2025” ko‘rik-tanlovining shahar bosqichi yuqori saviyada o‘tkazildi. Unda Sirdaryo viloyatida xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb etish, ularni qo‘llab-quvvatlash va munosib rag‘batlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yaqqol namoyon bo‘ldi.
Tanlov O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi “Ayollar qanoti” tomonidan tashkil etildi. Unda tadbirkor ayollar o‘z mahsulotlari, xizmat turlari va g‘oyalari bilan ishtirok etib, o‘zaro tajriba almashishdi. Mahsulotlar ko‘rgazmasi davomida milliy zargarlik, quroqchilik va qo‘l mehnatiga asoslangan asarlar hakamlar hay’atida katta qiziqish uyg‘otdi.


Natijalarga ko‘ra, zargarlik mahsulotlari bilan ishtirok etgan Ra’no Azimboyeva 1-o‘rinni egalladi. Quroqchilik yo‘nalishidagi ishlanmalari bilan qatnashgan Nilufar Turdiyeva 2-o‘rin, Sohiba Hoshimova esa 3-o‘ringa loyiq deb topildi. Shuningdek, bir qator faol qatnashchilar partiya va hamkor tashkilotlarning tashakkurnomalari bilan taqdirlanishdi.

– Bunday tanlovlar bizni ilhomlantiradi, yangi g‘oyalar va maqsadlar sari yetaklaydi, – deydi g‘oliba Ra’no Azimboyeva. – Milliy san’atimizni zamonaviy ko‘rinishda targ‘ib etish, turmushimizda qo‘llanishi mumkin bo‘lgan mahsulotlar yaratish asosiy maqsadim hisoblanadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri