Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkor ayollar safi kengaymoqda
18:26 / 2022-08-08

Mamlakatimizda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, dastur doirasida kreditlar ajratish mexanizmini soddalashtirish, aholining bandligini oshirish, daromad manbaini kengaytirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ayniqsa, milliy hunarmandchilik, xalq badiiy va amaliy san’atini rivojlantirish, bu orqali xalqimizning boy madaniy merosi va tarixiy an’analarini saqlab qolish, joylarda xotin-qizlarni tadbirkorlikka o‘qitish va ularga kredit olishda amaliy yordam ko‘rsatish borasida samarali ishlar qilinmoqda. 

Toshkent viloyatida bu sa’y-harakatlar tizimli amalga oshirilayotir. Birgina Yuqori Chirchiq tumani “Istiqbol” MFY hududida yashovchi Gulmira Mansurova ilgari "Ayollar daftari" ro‘yxatida turgan bo‘lib, hozir xonadonida parrandachilik bilan shug‘ullanadi. G.Mansurova rahbarlik qilayotgan “Yetkazib beruvchi” bedanachilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi oilaviy korxona tomonidan koorperatsiya yo‘nalishida 50 ta ish o‘rni yaratib, mahalladagi ayollar bandligi ta’minladi.  

Xususan, mahalladagi xonadonlarga 1000 tadan bedana 20 kunlik ozuqasi, maxsus suv idishlari bilan tarqatilib, parranda me’yoriga yetganida 2 million so‘m miqdorida daromad olmoqda. Natijalar maqtansa arzigulik. Tadbirkor ayol o‘z oldiga kelajakda oilaviy tadbirkorligini yanada kengaytirish, eksportni yo‘lga qo‘yish va ish o‘rinlarini yanada ko‘paytirishni maqsad qilgan.  

Hozir O‘rta Chirchiq tumanida 2 ming 800 nafardan ortiq tadbirkor faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, ulardan 1 ming 200 nafardan ortig‘ini xotin-qizlar tashkil qiladi. Tuman tadbirkorlari tomonidan tayyorlanayotgan mahsulotlarning 38.7 foizi qo‘shni davlatlarga, xorijga eksport qilinmoqda. Ulardan biri “O‘rtaovul” mahallasida yashovchi Shohista Sultonova bo‘lib, milliy va zamonaviy dizaynda ayollar uchun taqinchoqlar yasaydi. Hozir hududda bu hunarni ko‘plab yoshlar o‘rganyapti. Qo‘l mehnatida jami 50 turdan ziyod mahsulotlar yasaladi.  

– Rejalarimiz katta, faoliyatimizni rivojlantirish va shu orqali ko‘plab yoshlar va ayollarni ish bilan ta’minlamoqchimiz, – deydi tadbirkor Sh.Sultonova. – Buning uchun hududimizda barcha sharoitlar bor. Ko‘plab Respublika darajasidagi tanlovlar va ko‘rgazmalarda qatnashib, mahsulotlarimizni namoyish qilyapmiz. Jumladan, sentyabr oyida Qo‘qon shahrida bo‘ladigan navbatdagi hunarmandchilik ko‘rgazmasiga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. 

Chinoz tumanidagi hunarmand Hulkaroy Norpo‘latovani barcha yaxshi taniydi. U "Gulzorobod" mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qilib, xonadonida yog‘ochdan eshik va romlarni yasaydi. Hozir ushbu mahsulotlar ichki bozorda xaridorgir. Xonadonida bunyodkorlik qilmoqchi bo‘lgan chinozlik borki, ushbu yog‘och eshik va romlarni olish uchun Gulzorobodga keladi. Kelgusida oilaviy tadbirkor faoliyatini kengaytirish, qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish borasida yangi loyihalarni boshlagan.  

Umuman olganda, hududda o‘z biznesi bilan jamiyatga foydasi tegayotgan ayollar juda ko‘p.  

A.Musayev, O‘zA