Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkor ayollar safi kengaymoqda
16:21 / 2015-01-16

Qashqadaryo viloyatida ham kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, soha vakillari biznesi rivoji uchun qulay shart-sharoit yaratish va imtiyozlar berish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

Qashqadaryo viloyatida ham kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, soha vakillari biznesi rivoji uchun qulay shart-sharoit yaratish va imtiyozlar berish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. 

Davlatimiz rahbarining 2014-yil 15-apreldagi “Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish va davlat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq tartibotlarni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda. 

– Prezidentimiz rahnamoligida xotin-qizlarning jamiyat hayotida o‘z o‘rnini topishi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda, – deydi viloyat hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi I.Karimova. – Ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, ularning istiqbolli loyihalarini amalga oshirishda ko‘makdosh bo‘lish, orzularini ro‘yobga chiqarish faoliyatimizning muhim yo‘nalishlaridandir.

Viloyatda xotin-qizlar bandligini ta’minlash masalasi doimiy e’tiborda. O‘tgan yili kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni, uy mehnatining barcha shakllarini rivojlantirish, yirik ishlab chiqarish obyektlarini ishga tushirish va kengaytirish hisobiga xotin-qizlar uchun 38 ming 924 yangi ish o‘rni tashkil etildi. Ularga tijorat banklari tomonidan 46 milliard 126 million so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratildi.

– Yuz xildan ortiq metall va yog‘och mebellar ishlab chiqaramiz, – deydi Qarshi tumanidagi “Qarshi mebel” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi ishlab chiqarish fabrikasi rahbari Salomat Komilova. – Bundan tashqari tikuvchilik tarmog‘imiz bor. Seximizda yostiq jildlari, choyshablar, maxsus kiyimlar, qo‘lqoplar, yumshoq mebellarning g‘iloflari tayyorlanadi. Qarshi shahrida mebellar uyi ochish harakatidamiz. 

Tadbirkor ayollar bilim va malakasini oshirish maqsadida “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasining viloyat bo‘limi tomonidan hunarmandlikning turli sohalari bo‘yicha 2 ming 450 xotin-qiz o‘quv kurslarida imtiyozli o‘qitildi. Jumladan, Qarshi shahri va tumanida to‘quvchilik va qandolatchilik, Kasbida tikuvchilik va parda dizayni, Kitob va Nishon tumanlarida kashtachilik, munchoqli dizayn mahsulotlari yaratish kabi hunarlar bo‘yicha saboq berildi. Bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda. 

Assotsiatsiyaning viloyat bo‘limi tomonidan tijorat banklari, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, soliq, huquq-tartibot idoralari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan davra suhbatlari, seminar-treninglarda xotin-qizlarning huquqiy savodxonligi, tadbirkorlik bo‘yicha bilim va malakasi, salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotir. O‘z biznesini yo‘lga qo‘yish istagidagi qishloq ayollari, kollejni bitirgan qizlarning bankdan kredit olishiga ko‘maklashilmoqda. 2014-yilda 600 nafardan ziyod xotin-qizga bu borada yordam berilgani bunga misol. 

– Shirinlikning oltmish xilini ishlab chiqaramiz, – deydi shahrisabzlik tadbirkor Nasiba Jamolova. – Kuniga yuz kilogrammgacha shunday mahsulot tayyorlamoqdamiz. Joriy yilda kredit mablag‘i evaziga zamonaviy uskunalar xarid qilib, ish hajmini oshirish va seximizni kengaytirishni rejalashtirganmiz. Shunda yana bir qancha yangi ish o‘rinlari ochiladi. 

Darhaqiqat, Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular uchun munosib ta’lim, mehnat sharoitlari yaratish, huquqiy, iqtisodiy bilimini yanada oshirish masalalariga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda. Qashqadaryoda ham bunday ezgu sa’y-harakatlar o‘z samaralarini berib, tadbirkorlik, hunarmandlik, fermerlik faoliyati bilan mustaqil shug‘ullanayotgan xotin-qizlar soni o‘n ming nafardan oshdi.