Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkor ayol yurtni gulga, odamlar hayoti nurga to‘lishi uchun mehnat qilayotir
11:20 / 2021-05-08

Sharofat Noriyevani jizzaxlik tadbirkorlar orasida tanimaydigan odam kam. Boisi, u o‘z tadbirkorligini yurgazish bilan birga, boshqalarni ham sohaga jalb etish, ularga bu kasbni o‘rgatishda faollik ko‘rsatib kelayotir.

Asli kasbi – tibbiyot hamshirasi. Ammo hayotda muvaffaqiyatga gul yetishtirish orqali erishdi. Oddiy, ammo mirishkor dehqon oilaning farzandi gullarga mehr qo‘yib ulg‘aydi. Bundan yigirma yil avval turmush qiyinchiliklari tufayli hovlisida yetishtirgan gullarni bozorga chiqarib sotish bilan shug‘ullanardi.  

Ilgari Jizzax shahrida gul, bugungidek yuzlab do‘konlarda emas, faqat bir joyda –“Ko‘kbozor”qashisidagi yo‘l chetida sotilardi. Gul olmoqchi bo‘lgan kishi, kim bo‘lmasin, shu yerga borardi.

Ushbu bozorda bo‘lgan bir voqea Sharofatning taqdirini butunlay o‘zgartirib yubordi. Bir kishi qator gullarni nazardan o‘tkazib uning gullariga to‘htaldi. Gul tanlab xarid qilgach, bu chiroyli gullarni kim, qayerda yetishtirayotganini so‘radi. U hovlisida, o‘zi yetishtirishini eshitgach, bu ishni kengaytirib, katta tadbirkorlikka aylantirini maslahat berdi. Yaqin kelajakda tadbirkorlarga katta imkoniyatlar yaratilishini, bu ish davlat tomonidan qo‘llab-quuvvatlanishini aytib, uni rag‘batlantirdi.

Xaridor viloyatning yangi hokimi ekanligini Sharofat sal keyinroq bildi. Bu uchrashuvdan so‘ng u tadbirkorlikni qo‘shimcha ish emas, asosiy faoliyatiga aylantirishga kirishdi.  

Bu sohada o‘z bilimini oshirdi, boshqalarning tajribalarini o‘rganishdan erinmadi. Shu maqsadda o‘sha yillarda Jizzaxda ancha tanilgan gul yetishtiruvchi tadbirkor Fotima Shodiyeva bilan hamkorlik qildi. Birgalikda gul yetishtirishga ixtisoslashgan «Flora gullari» mas’uliyati cheklangan jamiyatini tashkil etishdi.

Ko‘p o‘tmay Sharofat o‘zining «Xolmo‘minov Zohid» fermer xo‘jaligini tashkil etib, Jizzax shahrini ko‘kalamzorlashtirishga gul, manzali daraxt ko‘chatlari yetkazib berish bo‘yicha buyurtmalarni bajara boshladi. Gulchilik, ko‘chat yetishtirish bilan birga qishloq xo‘jaligining boshqa tarmoqlarini ham yo‘lga qo‘ydi.

So‘ngi yillarda fermer xo‘jaligini ko‘p tarmoqliga aylantirdi. Xo‘jalikda dehqonchilik bilan birga chorvachilikni riojlantirdi. Avstriyadan zotdor echki olib keldi. Echkilarni oilalarga tarqatib, sut yetishtirish ishlarini ko‘paytirishni rejalashtirgan. Keyin oilalardagi sutni sotib olib, qayta ishlashni yo‘lga qo‘ymoqchi.

Zotdor quyon boqilyapti. Issiqxonadan yaxshi daromad olinmoqda.  

Faqat qishloq xo‘jaligi emas, tadbirkorlikning boshqa tarmoqlari ham rivojlantirilayotir. Tikuv, non pishirish sexlari ishlab turibdi.

– Tadbirkorlik tufayli, farovon, baxtli hayot kechiayotirmiz, – deydi Sharofat Noriyeva. – Bu oilamizdagi barchaning mehnati tufayli. Turmush o‘rtog‘imning qo‘llab-quvvatlashi, mirishkor dehon bo‘lgan otamning o‘gitlari, malahatlari, farzandlarimning ko‘magi bilan erishdik. Barcha ishlarimda ular tayanch, suyanch bo‘lib kelmoqda. Davlatimiz tomonidan tadbirkorlarning qo‘llab quvvatlanishi muvaffaqiyat keltirayotir.  

Xalq deputatlari Sharof Rashidov tuman kengashi deputati, “Ishbilarmon ayol” respublika ko‘rik-tanlovi g‘olibi Sharofat Noriyeva faqat tadbirkor emas, faol jamoatchi sifatida fidoyilik ko‘rsatib kelayotir. Ayniqsa, xotin qizlarni qo‘llab-quvvatlashdagi faoliyati ibratli. U tumandagi “Temir daftar”da turuvchi 54 ta xonadonga issiqxona qurib, undan daromad olish usullarini o‘rgatdi. Natijada bu xonadonlardagi 54 nafar xotin-qiz bandligi ta’minlandi.

Mahalla ayollarini tadbirkorlikka o‘rgatib, ularga kredit olishda ko‘maklashmoqda. Uning ko‘magida bank imtiyozli kreditini olgan ishsiz xotin-qizlardan besh nafari mahalladagi talabdan kelib chiqib, non va qandolat mahsulotlari sexini ham ochdi. 

O‘tgan yili pandemiya sharoitida aholiga yordam berish maqsadida Ravot mahallasida 75 gektar yangi yer ochib «Olmachi shunqorlari» ishlab chiqarish kooperativi tashkil etish ta’sischisi bo‘ldi. 149 nafar yoshga 20-25 sotixdan ajratilib, yong‘oqzor va boshqa mevali bog‘ barpo qilindi. Egatlar orasida mavsumiy ekinlarni ekib daromad qilinmoqda. Kooperativ a’zolari dehqonchilik bilan birga chorva mollari, parrandachilik, quyonchilik bilan shug‘ullanmoqda. Kooperatsiyada ish namunali yo‘lga qo‘yilgani uchun ularga Yoyilma qishlog‘idan yana 30 gektar ajratib berildi.

Bu Sharofat Noriyeva tashabbusi bilan qilinayotgan ishlarning hammasi emas. O‘zbekiston liberal demokratik partiyasining “Tomorqa-daromad manbai” loyihasi doirasida gul va daraxt ko‘chatlarini o‘tkazish, ko‘katlar yetishtirish bo‘yicha tajribasini boshqalarga o‘rgatishda jonbozlik ko‘rsatib kelayotir. Shu maqsadda har yili uning fermer xo‘jaligida amaliy seminar o‘tkazilyapti. Seminarga qatnashib, tadbirkorligini boshlayotgan ishsiz ayollarga partiya “Ayollar qanoti” bilan hamkorlikda kreditlar olishda ko‘maklashish doimiy yo‘lga qo‘yildi.  

Oddiy hamshiralikdan katta tadbirkor darajasiga yetgan Sharofat Noriyeva davlatimiz tomonidan “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. O’zLiDeP tomonidan an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Ishbilarmon ayol” ko‘rik tanlovining respublika bosqichida ikkinchi o‘rinni egalladi.  

– Xalqimiz farovonligini oshirish, har oilaning iqtisodiy to‘kinligini ta’minlash uchun imkoniyatlar yaratib berilayotir, – deydi u. – Bu imkoniyatlardan samarali foydalanish uchun davr bilan hamnafas, hamqadam xarakat qilsak hayotimiz bundan-da yaxshi, bundan-da nurli bo‘ladi.  

Ayol ana shunday quvonch bilan yashayotir. Katta orzular bilan doimiy intilishda. Maktabgacha ta’lim muassasasi, maktab qurish harkatida. Faoliyatini oddiy gul yetishtirishdan boshlagan ayol mamlakatni gulga, odamlarning hayotini nurga burkash yo‘lida tinimsiz harakat, mehnat qilayotir.  

T.Beknazarov, O‘zA