French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkor arzon va koʻp mahsulot sotishdan manfaatdor, ammo faoliyati davom etishga kafolat bormi?
18:58 / 2018-11-27

Odatiy tadbirlarning birida korxonasida ishlab chiqarilgan sut mahsulotlarini namoyish qilayotgan va totib koʻrishni taklif qilayotgan tadbirkor bilan suhbatlashib qoldik.

Odatiy tadbirlarning birida korxonasida ishlab chiqarilgan sut mahsulotlarini namoyish qilayotgan va totib koʻrishni taklif qilayotgan tadbirkor bilan suhbatlashib qoldik.

Turli mevalardan tayyorlangan yogurtlarga qarab, “oʻzingiz isteʼmol qiladigan turini ayting, biz ham sinab koʻramiz”, degandim “hammasi ham mazali, oʻzimizga tayyorlaganday sifatli”, dedi tadbirkor yigit kulib. Ananasdan tayyorlangani eʼtiborimizni tortdi. Eh-xe, bu meva oʻzimizda yoʻq, u sizlarga qimmatlik qilmaydimi? degan soʻroqqa berilgan javobdan bir oz hayron boʻldim. “Opa, boshqa mevalar ham chetdan olib kelinadi, hammasining narxi bir xil. Mevali bu qoʻshimchalarni oʻzimizda tayyorlangani sifati pastligi uchun xorijdan keltirib, foydalanishga majbur boʻlyapmiz”.

Yogurtning idishlari va sut mahsuloti korxonada tayyorlanar ekan. 2003 yilda tashkil etilgan korxonada klaster tashkil qilish uchun oʻtgan yili Germaniya va Polsha davlatidan ming boshga yaqin zotdor qoramol keltirilgan. 600 gektarda chorva uchun ozuqa yetishtirilmoqda.

Kuniga 150 tonna sutni qayta ishlayotgan korxonada 30-40 xil sut mahsuloti tayyorlanib, bozorlarga yetkazib berilmoqda. Bankning xorijiy liniyasidan 10 foizlik kredit olingan. Ayni vaqtda 300 nafar ishchiga maosh toʻlash, kreditni qaytarish, chorva mollarni parvarishlash uchun tadbirkorga har oyda yirik mablagʻ kerak boʻladi. Oylik aylanma mablagʻ oʻrtacha 10 milliard boʻlayotgan tadbirkordan eksport haqida soʻraymiz.

–Bundan uch yil oldin eksportimiz bor edi, –deydi Shahrixon tumanidagi “Rashk milk” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Jamshidbek Abdulhaqov.– Hozirda esa bir qator toʻsiqlar sabab, hamkorlarimiz bilan aloqalar uzilib qoldi. Masalan, Oʻzbekiston Bojxona ittifoqiga aʼzo boʻlmagani uchun oziq-ovqat, hayvon yogʻlari, sut mahsulotlari kabilarni chetga sotishni imkoni boʻlmayapti. Vaholanki, yogurt va quruq sut mahsulotlariga Rossiya, Tojikiston, Qirgʻizistonda talabgorlar koʻp. Biz eksportni amalga oshira olmayapmiz, lekin chetdan sariyogʻ, margarin, yogurt kabilar toʻsiqsiz kirib kelmoqda. Bu esa mahalliy tadbirkorlarni inqiroz yoqasiga keltirib qoʻymoqda. Hali ham bizning bozorimiz bor. Sinib qolgan, zararga kirib, faoliyatini toʻxtatayotgan tadbirkorlarni esa koʻrib turibmiz. Yangi boshlayotgan tadbirkor bunday raqobatga dosh bera olmaydi.

Ana shu holatdan chiqish uchun balki, korxona mahsulot tannarxini nisbatan arzonlashtirib, koʻproq sotsa, oʻziga ham xaridorga ham yaxshi boʻlmaydimi? degan fikrimizga tadbirkor miyigʻida kulib qoʻydi.

– Agarda ichki ishlab chiqaruvchi ragʻbatlantirilsa, shunda import uchun chetga chiqib ketayotgan mablagʻ oʻzimizda qolardi, – deydi tadbirkor.– Bunda esa eng avvalo sifat kerak. Biroq, xaridorlarning asosiy qismi sifatga emas, narxning arzoniga uchadi. Nega arzonroq sotmaysiz? desangiz kuniga 150 tonna sut qayta ishlangan korxonada xarajatlar ham shunga yarasha boʻladi. Sifat sertifikati olamiz, bu degani soliq toʻlovchi demakdir. Elektrga, gazga toʻlovlar amalga oshiriladi. Kichik sexlar esa 3-4 odam bilan ishlayveradi. Mahsulotni sertifikatsiz, tekshiruvlarsiz chiqarib sotgani uchun arzon. Eng yomoni doʻkonda sotilayotgan mahsulotlarni sertifikati, qadoqlangan muddati koʻrsatilgani yoki yoʻqligi bilan hech kim shugʻullanmaydi.

Ishlab chiqarish hajmi yaxshigina ekan. Italiya va Ispaniyadan olib kelingan zamonaviy uskunalarning resurs tejamkorligi qay darajada, elektr muammosi bartaraf etilganmi degan savolimiz tadbirkorning qaygʻusini yana oshirdi.

– Zamonaviy uskunalar bilan elektr yoki gaz muammosini hal qilib boʻlsa edi, –deydi Jamshidbek.– Bu biz uchun eng ogʻriqli masala. Poytaxtda-ku, yaxshi, biroq bizda kuniga 3-4 marta uzilish boʻladi. Tok birdan oʻchib qolsa, uskunalarning ehtiyot qismlarida kuyish ehtimoli ortadi. Bu esa mahsulot narxiga taʼsir qiladi. Agarda mahsulot pishay deganda tok uchib qolsa, yana zarar. Bir martada 10-15 tonna sut pishiramiz, chala pishgandan keyin hech narsa qilib boʻlmaydi, tashlashga toʻgʻri keladi. Shu tariqa foydamiz kamayib borgandan keyin, qanday arzon sotish mumkin. Aslida, biz ham arzon narxda koʻproq sotishdan manfaatdormiz.

Tadbirkor oʻz faoliyatida uchrayotgan kamchiliklar va murakkabliklar haqida soʻzlash bilan bir vaqtda taklifini ham aytdi.

“Bizga sutni koʻpaytiruvchi kuchli ozuqa kerak. Axir kuniga 25-30 litr sut olish uchun sigirni yaxshi boqish kerak. Yoʻqsa, chorva ham, chorvador ham qiynaladi. Bizda ozuqa yetkazib berish tizimida uzilishlar bor. Kunjara narxi mavsumga qarab oʻzgarib turadi. Balki, soya yetkazib berish kerakdir. Agarda bu borada davlat sherikligi yoʻlga qoʻyilsa, juda yaxshi boʻlardi. Yoʻqsa, chetdan mol olib kelganlar ikki yildan ortiqqa dosh bera olmay, korxonani yopadi. Chorva, ozuqa, mahsulot, qayta ishlash hammasi bir-biriga zanjirday bogʻliq. Uning halqalarida uzilishga yoʻl qoʻymaslik kerak.”

Bosh Qomusimizning 54 -moddasida “Mulkdor mulkiga oʻz xohishicha egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi. Mulkdan foydalanish ekologik muhitga zarar yetkazmasligi, fuqarolar, yuridik shaxslar va davlatning huquqlarini hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzmasligi shart” ekani belgilab berilgan. Demak,tadbirkorlikka mehr qoʻygan, oʻz ishidan rohatlanib mehnat qiladigan kishi borki, albatta, yuksak muvaffaqiyatlarga erishishi shart. Tadbirkor tilga olgan masalalarga tegishli tashkilotlar eʼtibor qaratishi va mazkur muammolarning tez kunlarda muqobil yechim topishiga umid qilamiz.