Tadbirkor 20 ta oilaga 4 boshdan echki berdi
Jizzax viloyatining Forish tumanidagi chorvachilikka ixtisoslashgan “Buyuk Javohir timsoli” fermer xoʻjaligi kam taʼminlangan oilalarga 80 bosh echki tarqatdi.
Jizzax viloyatining Forish tumanidagi chorvachilikka ixtisoslashgan “Buyuk Javohir timsoli” fermer xoʻjaligi kam taʼminlangan oilalarga 80 bosh echki tarqatdi.
Ushbu fermer xoʻjaligi chorvachilikning noanʼanaviy tarmogʻi boʻlgan mayin tivit jun beradigan zotdor echki boqish bilan shugʻullanib kelayotir. Dastlabki turkumi Qozogʻistondan keltirilgan naslli echkilar tez koʻpayib, daromad berayotir.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining xalqimiz tarixiy va maʼnaviy qadriyatlarini, mehr-saxovat, oqibat va himmat kabi yuksak fazilatlarini inobatga olib ilgari surgan “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakatini yoʻlga qoʻyish tashabbusiga qoʻshilgan tadbirkor oʻzi yashayotgan hududdan ancha olisdagi chekka qishloqlarning kam taʼminlangan oilalarini moddiy qoʻllab-quvvatlashga ahd qildi. Shu maqsadda Forish tumani rahbarlari bilan maslahatlashib, toʻrtta hududiy sektorning har biridagi 5 tadan kambagʻal oilaga 4 boshdan echki tarqatdi.
– Prezidentimiz tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash uchun turli yengilliklar yaratib berayotgan ekan biz ham bu yaxshilikni yaxshilik bilan qaytarishimiz, xalqimizning kam taʼminlangan qatlamiga koʻmak berishimiz kerak, – deydi fermer xoʻjaligi rahbari Kamol Xolmatov. – Oʻzimning tajribamdan kelib chiqib, echki boqish kambagʻallikdan chiqishning katta imkoniyatlaridan biri, deb bilaman. Bu jonivor katta joy talab qilmaydi. Tez koʻpayib, goʻshti, suti, suti bilan roʻzgʻorga baraka kiritadi. Imkoniyati bor oilada echki boqishni yoʻlga qoʻyish yurtimizda kambagʻallarni kamaytirishga yoʻnaltirilgan “Saxovat va koʻmak” tashabbusi amalga oshirishda ham qoʻl keladi.
Fermer echki tarqatgan xonadonlarga yana bir imkoniyat ham yaratib berayotir. Ular echki juni sotish uchun xaridor axtarib yurishmaydi. Fermer echki junini qayta ishlash uchun oʻzi sotib olishni aytib, manzilini maʼlum qildi.