O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Sirdaryo viloyat Kengashi va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida Gulistonda madaniy tadbir o‘tkazildi. Ushbu tadbir Alisher Navoiyning 585 yilligi hamda Zahiriddin Muhammad Boburning 543 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan bo‘lib, ishtirokchilarga buyuk adib va davlat arboblarining hayoti, adabiy va ma’naviy merosi haqida keng ma’lumot berildi.
Tadbir davomida Navoiy va Boburning milliy ma’naviyatimizning rivojidagi o‘rni, ularning asarlari zamonlar o‘tsa ham qadrini yo‘qotmasligi va yosh avlod tarbiyasidagi ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.
– Alisher Navoiyning she’riy va nasriy merosi — “Xamsa” (bayt va dostonlari), “Lison ut-Tayr”, “Favoidi hikmat”, “Mahbub ul-qulub” va “Navoiy qissalari” kabi asarlarda vatan va yurt qadrining ulug‘ligi, inson mehri va muhabbati, ma’naviy intizom va axloqiy qadriyatlar alohida tarzda namoyon bo‘ladi. Boburning “Boburnoma” asari esa nafaqat tarixiy voqealarni yoritadi, balki shaxsiyat va oila muhabbati, yurtga sadoqat tuyg‘ulari, tabiat va hayotiy voqealarga nisbatan mehrni ham keng bayon etadi,– dedi o‘z ma’ruzasida Yozuvchilar uyushmasining a’zosi, shoir To‘xtamish Boqiyev.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Sirdaryo viloyati Kengashi raisi Rustambek Tursunmurodov esa tadbir haqida shunday fikr bildirdi:
– Navoiy va Boburning merosi faqat adabiy yoki tarixiy qadriyat emas, balki milliy ma’naviyatimiz asosi va yoshlar tarbiyasida asosiy manba manba hisoblanadi. Ularning asarlarida vatanparvarlik va insonparvarlik tuyg‘ulari juda yorqin tarzda aks etgan. Bunday tadbirlar yoshlarni milliy meros bilan yaqinlashtirish va ma’naviy ruhni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Noriniso Qosimova, uyushma a’zolari: Hasan Abduvohidov, Bahor Xolbekova va Majnuna Mirzayevalar so‘zga chiqishdi. Shuningdek, Sirdaryo viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi yetakchilari va Guliston shahridagi 2-sonli musiqa va san’at maktabi o‘quvchilari she’rlar o‘qishdi, qo‘shiq va musiqiy ijrolar bilan tadbirga alohida fayz ulashishdi.
Tadbir so‘nggida faol ishtirok etgan yoshlar va mehmonlar O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Sirdaryo viloyat Kengashi tomonidan tashakkurnomalar bilan taqdirlanishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri