Sirdaryo viloyatining Xovos tumanidagi Husnobod mahallasida “Xalqaro qishloq ayollari kuni” munosabati bilan o‘tkazilgan tadbir haqiqiy bayram tantanasiga aylandi.
Tuman hokimligi hamda Oila va xotin-qizlar bo‘limi tashabbusi bilan tashkil etilgan bu uchrashuvda mahallaning faol ayollari, faxriylar, yoshlar va ziyolilar qatnashdilar. Tadbir davomida qishloq ayollarining mehnatsevarligi, jamiyat taraqqiyoti va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdagi o‘rni haqida samimiy fikrlar bildirildi.

– Qishloq ayollari — oilaning suyanchi, ro‘zg‘orning fayzidir. Ular bozorlarimizning to‘kinligi, dasturxonlarimiz to‘kinligini ta’minlaydi. Shuning uchun ularga bo‘lgan har bir e’tibor — butun oilaga, butun yurtga shodlik bag‘ishlaydi, – dedi tuman hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Mahbuba Turaqulova.

Ma’lumki, BMT Bosh Assambleyasi 2007 yil 18 dekabrda qabul qilgan rezolyutsiyaga ko‘ra, 15 oktyabr — “Xalqaro qishloq ayollari kuni” sifatida nishonlanadi. Bu sana qishloq hududlarida istiqomat qiluvchi ayollarning hayot sifatini yaxshilash, ta’lim, mehnat va ijtimoiy himoya sohalarida teng imkoniyatlar yaratishga da’vatdir.
Paxtazorda o‘tkazilgan bu bayram tadbirlari ham ana shu ezgu g‘oyalarga hamohang bo‘ldi. Mahalliy san’atkorlar ijrosida qo‘shiq va raqslar yangradi, mehnat fidoiylari — dehqon ayollar xizmatlari e’tirof etildi.

– Bu yilgi bayram o‘tgan yildagidan ham rang-barang va ta’sirli bo‘ldi, — deydi mahalla faoli Norposhsha Farmonova. – Qishloq ayollariga bo‘lgan e’tibor — ularning fidokorona mehnatiga berilayotgan yuksak bahodir.
Mahalladagi bu bayram faqatgina sana emas, balki mehnat, mehr va e’tirof ramzi sifatida ko‘pchilik qalbida o‘chmas taassurot qoldirdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri