Navoiy shahridagi “Nuroniylar maskani” da “Aholini tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta’minlash, tizimda 2023-2024 kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarining borishi” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi, viloyat Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali boshlig‘i birinchi o‘rinbosari Bahriddin Xudoyorov gaz ta’minoti sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash borasida belgilangan chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda viloyat bo‘yicha 102 ming 548 ta aholi xonadonlari va 67 ta ijtimoiy soha ob’ektlari suyultirilgan gaz bilan ta’minlanib kelinmoqda. Iste’molchilarga suyultirilgan gaz belgilangan reja-grafik asosida 30-35 kun oralig‘ida 31 dona avtotransport vositasi orqali yetkazib berilyapti.
– Viloyat bo‘yicha jami 100 ming 21 dona maishiy gaz ballonlari mavjud bo‘lib, 95 ming 512 donasi ijara shartnomasi asosida iste’molchilarga yetkazib beriladi, – deydi B.Xudoyorov. – Aholi xonadonlariga yetkazib beriladigan suyultirilgan gaz 4 ta gaz to‘ldirish shaxobchasi va 1 ta gaz to‘ldirish stansiyasi orqali amalga oshiriladi. Ularning kunlik qabul qilish quvvati 450 tonnani, kunlik tarqatish quvvati esa 83 tonnani tashkil etadi. Shu kunga qadar viloyat bo‘yicha 5675 tonnadan ortiqroq suyultirilgan gaz iste’molchilarga yetkazib berildi. Ma’lumki, maishiy gaz ballonlarni sifatli va soz holatda ekanligi zaruriy shartlardan biri bo‘lib, ular filial tasarrufidagi 3 ta maishiy gaz ballonlarni sinash va ta’mirlash sexlari tomonidan texnik nazoratdan o‘tkazib kelinmoqda.

Matbuot anjumanida gaz quvurlari va gaz taqsimlash punktlarini mukammal ta’mirlash, ularni rekonstruksiya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi.
Jumladan, joriy yil kuz-qish mavsumida Qiziltepa, Navbahor va Xatirchi tumanlarida 2 donadan gaz taqsimlash punktlari mukammal ta’mirlanadi. Taftish o‘tkazilishi rejalashtirilgan 1619 dona gaz taqsimlash punktining 529 tasida taftish o‘tkazildi. Viloyat bo‘yicha 4 ming 212, 2 kilometr gaz quvurlari mavjud bo‘lib, mavsumga tayyorgarlik jarayonida 188,4 kilometr yer osti gaz quvurlarining holati VARIOTEK 480 EX pribor usuli bilan tekshiriladi. 170,7 kilometr gaz quvurlari estetik jihatdan tartibga keltirilib, bo‘yoqlash ishlari amalga oshiriladi. 9,3 kilometr gaz quvurlari rekonstruksiya qilinsa, 1 kilometr gaz quvurlarida mukammal ta’mirlash ishlari bajariladi.

Bundan tashqari, 72,6 kilometr gaz quvurlarini bosim ostida zichlikka sinash va havo yordamida tozalash rejalashtirilgan bo‘lib, hozirda 43,1 kilometr gaz quvurlarida ishlar reja asosida bajarildi. Shuningdek, 39,3 kilometr yer osti gaz quvurlari pribor usuli bilan tekshirildi, 33,4 kilometr gaz quvurlarida estetik ta’mirlash ishlari olib borildi. Viloyatda tabiiy gaz yetkazib beriladigan xonadonlar soni 106 ming 126 tani tashkil etadi. Shundan 95 ming 555 ta xonadon 2 bosqichli gaz ta’minoti tizimiga o‘tkazilgan.
– Hududimizda 231 ta yuqori bosimli, 1733 ta o‘rta bosimli gaz taqsimlash punktlari mavjud, – deydi B. Xudoyorov. – Ularning 1649 tasi demontaj qilindi. Joriy yilda esa 518 ta GTPlarni demontaj qilish rejalashtirilgan.
Matbuot anjumani so‘ngida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA