Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tabiiy va iqlim tahdidlari sharoitida landshaftlarni qanday tiklash va saqlab qolish mumkin?
11:39 / 2023-06-17

Poytaxtda tashkil etilgan “Markaziy Osiyoda landshaftlarning barqarorligini ta’minlash uchun tabiatga asoslangan yechimlar amaliyotini kengaytirish” mavzusidagi mintaqaviy muloqotda landshaftlarning holati bilan bog‘liq dolzarb muammolar va ularni hal etish yo‘llari muhokama qilindi.

Ma’lumki, iqlim o‘zgarishi oqibatlari, yerlarning degradatsiyasi va bu jarayonlar bilan bog‘liq tirikchilik vositalari manbalarining yo‘qolishi Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi tabiat va odamlar duch keladigan eng jiddiy ekologik va ijtimoiy muammolarni namoyon qiladi.  

– Biz iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari kuchayib borayotgan bir paytda barqaror landshaftlarni yaratish va barqarorlikni ta’minlashga yordam beradigan yechimlarni topish uchun birlashishimiz zarur, – deydi  O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov. – Mintaqaning landshaftlari iqlim o‘zgarishi va inson faoliyati tufayli kelib chiqqan ekstremal ob-havo hodisalari va tabiiy ofatlar oldida yanada zaif bo‘lib bormoqda. Bunda inson faoliyati intensiv qishloq xo‘jaligi, daraxtlarni noqonuniy kesish, yaylovlar va chorvachilik sektorini samarasiz boshqarishni o‘z ichiga oladi. Ushbu salbiy tendensiyalarning oldini olish va oqibatlarini yumshatish uchun mintaqaviy muloqotni jadallashtirish darkor.  

Muloqotda ta’kidlanishicha, Jahon bankining RESILAND CA+ dasturi Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonning ayrim hududlaridagi qishloq jamoalarini turli tabiiy va iqlim tahdidlari sharoitida landshaftlarni tiklash, hayot va tirikchilik vositalari manbalarini saqlab qolish, cho‘llanish, yerlarning degradatsiyasi va iqlim o‘zgarishi sharoitida ularning barqarorligini oshirishda qo‘llab-quvvatlaydi.  

Ushbu maqsadlarga erishishning asosiy strategiyalaridan biri Markaziy Osiyo mintaqasida tabiatga asoslangan yechimlarni keng tatbiq etishdir. Ushbu tadbirlar tabiiy va inson tomonidan o‘zgartirilgan ekotizimlarni himoya qilish, barqaror boshqarish va tiklashni o‘z ichiga oladi. Ular ijtimoiy muammolarni hal qilish, shuningdek, biologik xilma-xillik va mahalliy aholi farovonligiga foyda keltiradigan kompleks yondashuvni namoyon qiladi.  

Tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish va turli joylarda iqlim o‘zgarishiga moslashish uchun maxsus ishlab chiqilgan o‘rmonlarni ekish kabi tabiatga asoslangan yechimlar sog‘lom va samarali ekotizimlar imkoniyatlaridan foydalanadi. Ular iqlim o‘zgarishi, tabiiy ofatlar, oziq-ovqat va suv xavfsizligi, biologik xilma-xillikning yo‘qolishi va inson salomatligi bilan bog‘liq xatarlarni yumshatishga yordam beradi. Ushbu chora-tadbirlarning barchasi tegishli hududlarda barqaror iqtisodiy rivojlanishga ham ko‘maklashadi.  

– Iqlim o‘zgarishiga chidamlilikni oshirish va ayniqsa qishloq joylaridagi kambag‘al aholi orasida tirikchilik vositalari manbalarini himoya qilish, iqtisodiy o‘sishning ekologik modelini joriy etishni talab qiladi, – deydi Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli. – Jahon banki ushbu muhim maqsadlarga erishishda O‘zbekiston hukumatiga faol yordam bermoqda. Jahon bankining 2022-2026 yillar uchun Mamlakat bilan hamkorlikning asos dasturi boshqa tadbirlar qatorida, davlat organlariga landshaftlarni saqlab qolishda, jumladan, cho‘llanish va yerlar degradatsiyasining oldini olish hamda mamlakatning turli hududlarida o‘rmonlarni qayta tiklash bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirishda ko‘maklashishni ko‘zda tutadi. Biz O‘zbekiston bilan Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari o‘rtasidagi transchegaraviy tabiiy zonalarni tiklash sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga ham hissa qo‘shmoqdamiz.  

Davlat organlari, moliya institutlari va nodavlat tashkilotlar vakillari Markaziy Osiyoning turli qismlarida tabiatga asoslangan yechimlarni joriy etish uchun mavjud imkoniyatlarni o‘rganish maqsadida mintaqaviy muloqot doirasidagi muhokamalarda ishtirok etadi.  

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA