Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi Elchixonasi, Birlashgan Millatlar tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Toshkent davlat agrar universiteti hamkorligida O‘zbekistonda qayta tiklovchi qishloq xo‘jaligining imkoniyatlarini namoyish etuvchi muhim tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida Buyuk Britaniyada suratga olingan «Tuproqning olti dyuymi» hujjatli filmi namoyish etilib, ushbu film yosh fermerlarning tuproqni tiklash, salomatlikni yaxshilash va mahalliy hamjamiyatlarni qo‘llab-quvvatlash orqali oziq-ovqat ishlab chiqarish tizimini o‘zgartirayotgani haqida hikoya qiladi. Barqaror dehqonchilik amaliyotlarini joriy etish bo‘yicha muvaffaqiyatli tajribalar va innovatsion yondashuvlarni namoyon qiluvchi film dehqonchilikda ilhom va amaliy bilim manbai sifatida xizmat qilishi kutilmoqda.
Film namoyishidan oldin «Tuproq, suv, hayot: O‘zbekistonning iqlim o‘zgarishi va yer tanazzuli muammolarini yengish uchun resurs tejamkor va qayta tiklovchi qishloq xo‘jaligi tizimlariga o‘tish yo‘li» mavzusidagi suhbat bo‘lib o‘tdi. Unda mutaxassislar agroekologik dehqonchilik amaliyotlarini O‘zbekistonning iqlimi va landshaft sharoitlariga moslashtirish yo‘llarini muhokama qildilar. So‘zga chiqqan ishtirokchilar qayta tiklovchi qishloq xo‘jaligi amaliyotlarni kengaytirish orqali yerlarning degradatsiyasi va iqlim muammolariga qarshi kurashish hamda qishloq aholisining turmushini yaxshilash bo‘yicha fikr almashdilar.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/974wzbWtx5U" title="Tabiiy resurslarga ehtiyotkorona munosabat" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Tadbir nihoyasida universitetning tajriba fermasida ramziy daraxt ekish marosimi o‘tkazildi. Unda qurg‘oqchilikka chidamli mahalliy daraxt turlari ekildi. Bu tashabbus O‘zbekistonning ekologik holatini yaxshilash, yer resurslarini asrash va barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga bo‘lgan e’tiborining amaliy ifodasi sifatida katta ahamiyat kasb etdi.
Fardona Yaxshiboyeva, Nishonboy Abduvoitov (video), O‘zA