Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasini tom ma’noda mamlakatimiz taraqqiyoti uchun turtki beruvchi tarixiy voqelik deyish mumkin.
Chunki, davlatimiz rahbari o‘zining murojaatida davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash, ijro va sud hokimiyati oldida turgan ustuvor vazifalar hamda ularning ijrosini ta’minlash bo‘yicha aniq mexanizmlarni ta’kidlash bilan bir qatorda ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasiga ham to‘xtalib o‘tdi.
Yurtboshimiz tomonidan atrof muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda aholi salomatligini saqlash sohasida kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilab berildi. Xususan, ekologiya, ayniqsa suv masalalari global muammoga aylanib borayotgani haqida so‘z yuritilar ekan, biz nafaqat bugungi, balki kelajak avlodlarni ham o‘ylashimiz shartligi qayd etildi.
Suv resurslaridan oqilona foydalanish borasida Amudaryo o‘zanida yangi kanal qurilishi bo‘yicha qo‘shni Afg‘onistonning muvaqqat hukumati hamda jahon hamjamiyati bilan birga, xalqaro me’yorlar asosida va mintaqaning barcha davlatlari manfaatlarini inobatga olish yuzasidan amaliy muloqotlar olib borish lozimligi ta’kidlandi.
Ekologik muammolarni bartaraf etishda mahallaning rolini kuchaytirish lozimligi, tabiatni asrab-avaylash, suv, havo va atrof-muhitni toza tutish kelasi yilda har bir mahalla aholisining madaniyati va amaliy harakatiga aylanishi kerakligini ta’kidladi.
Ekologik holatni yanada yaxshilash uchun ekologiya va atrof-muhitni asrash bo‘yicha sa’y-harakatlar, xususan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlar kuchaytirilishi lozimligi qayd etildi.
Shu o‘rinda yurtboshimiz tashabbusi bilan o‘tgan yili noyabr oyidan boshlab keng ko‘lamda amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2021 yil kuz mavsumida 85 mln. dona, joriy yilning bahor mavsumida 126,4 mln. kuzgi mavsumda 76 mln. dan ortiq daraxt va buta ko‘chatlari ekildi.
Keyingi besh yilda 1 milliard daraxt va buta ko‘chatlari ekilishi ham shaharlarimizga, mahallalarimizga fayz bag‘ishlovchi yashillikka burkangan yangi yashil hududlar barpo etilishi bilan birga, yurtimiz iqlimini mo‘’tadil saqlashga, pirovardida ona tabiatimizni asrash, aholimiz salomatligini yaxshilash, xalqimizning farovonligini ta’minlashga xizmat qilishi, shubhasiz.
Darhaqiqat, suv resurslaridan oqilona foydalanish borasida amalga oshirilgan ishlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, suv resurslarini samarali boshqarish, suv tejaydigan va raqamli texnologiyalarni joriy etish, irrigatsiya tadbirlarini amalga oshirish, yerlarni lazerli tekislash, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish hisobiga joriy yilning to‘qqiz oyi mobaynida 5,5 mlrd.m3 suv tejalishiga erishilgan.
Shuningdek, keyingi besh yilda jami 642,4 ming gektar, jumladan, 308,6 ming gektarda tomchilatib, 14,7 ming gektarda yomg‘irlatib, 10,6 ming gektarda diskret sug‘orish texnologiyalari va 78,8 ming gektarda egiluvchan quvurlar, 20,9 ming gektarda egatga plyonka to‘shab sug‘orish texnologiyalari joriy qilingan. Umuman olganda, tabiiy resurslardan samarali foydalanish bugungi kundagi dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.
Shu bilan birgalikda Murojaatnomada aholining energiya resurslariga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida yirik loyihalarni amalga oshirish bilan bir qatorda aholi uchun kichik hajmdagi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni keskin oshirish masalasi ham alohida qayd etildi. Bu borada aholining ehtiyojmand qatlamini subsidiyalash instituti orqali qo‘llab-quvvatlash mamlakatimizda “inson qadri uchun” tamoyilining amaldagi yaqqol isbotidir.
Murojaatnomada belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlar sohalar rivojiga turtki berishi bilan bir qatorda, mamlakatimizning barqaror taraqqiyotini ta’minlashga, pirovardida aholining turmush farovonligi oshishiga, ekologik barqarorligi ta’minlanishiga xizmat qiladi.
Xayrullo G‘AFFOROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri o‘rinbosari,
O‘zbekiston ekologik partiyasi
fraksiyasi rahbari
O‘zA