Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tabiiy resurslardan samarali foydalanish –davr talabi
19:47 / 2026-02-13

Farmon va ijro

Keyingi vaqtlarda Prezidentimiz tomonidan Yangi O‘zbekistonda yoqilg‘i energetika sohasini modernizatsiya qilish, jahon andozalari asosida yangi quvvatlarni joriy etish, tiklanuvchan energiya manbalarini ishlab chiqarish yo‘lida ko‘plab muhim tashabbuslar ilgari surildi. Jumladan, yoqilg‘i-energiya resurslaridan samarali foydalanish, ularni talon-toroj qilish holatlarining oldini olish, sohaga investitsiyalarni jalb qilish orqali bozor mexanizmlarini joriy etish borasida tizimli ishlar amalga oshirildi.  

Davlatimiz rahbarining 2023  yil 24  maydagi “Yoqilg‘i-energetika sohasida davlat nazorati mexanizmlarini takomillashtirish va “raqamli energonazorat” tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi farmonida ham bevosita iste’molchilar tomonidan foydalanilgan hamda tegishli hududlar chegarasidagi tarmoqlarga yetkazib berilgan yoqilg‘i-energiya resurslari hajmi o‘rtasidagi tafovutlarni aniqlash, yoqilg‘i-energiya resurslari iste’molchilarining debitorlik va kreditorlik qarzlarini nazorat qilish choralari belgilangan edi.  Shu bo‘yicha Toshkent viloyatida ham o‘tgan yil tabiiy gazdan debitor qarzdorlik bo‘yicha 83,4 milliard so‘m ixtiyoriy undirilgan bo‘lsa, 166,1 milliard so‘mlik qarzdorlikni undirish bo‘yicha sudlarga 3 ming 356 ta ariza kiritildi.  

Mazkur farmonga ko‘ra, “Prokuror nazorati"ni o‘rnatish orqali energiya resurslari iste’molini masofaviy nazorat qilish jarayonini raqamlashtirish, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan yoqilg‘i-energiya resurslarini ishlab chiqarish, qayta ishlash, uzatish, taqsimlash va iste’mol qilish, ularning miqdor jihatidan saqlanishi ustidan monitoringni yuritish belgilandi. Elektr, gaz uzatish va gaz taqsimlash tarmoqlariga noqonuniy ulanish, yoqilg‘i-energiya resurslarini talon-taroj qilish va noqonuniy iste’mol qilishning boshqa holatlari haqidagi ma’lumotlarni tahlil qilib borish va energiya manbalarini iqtisod qilish bo‘yicha vazifalar qo‘yildi.

Jumladan, tabiiy gazni iqtisod qilish bo‘yicha 39 mingta xonadon ikki bosqichli tizimga o‘tkazildi, 6 ming 821 ta gaz taqsimlash punkti, 31,4 kilometr gaz tarmog‘i modernizatsiya qilindi va mukammal ta’mirlandi. Shu bilan birga, 38 mingta nostandart gaz jihozlari energiya tejamkoriga almashtirildi, joylarda tashkiliy-texnik tadbirlar amalga oshirildi. Olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida 158,5 metr kub tabiiy gaz iqtisod qilinib, reja 167,4 foizga bajarildi. Ishchi guruhlar tomonidan o‘tkazilgan xatlovlar davomida 81,5 ming metr kub tabiiy gazni iqtisod qilishning qo‘shimcha manbalari aniqlandi.  

Shuningdek, 2025-yilda Toshkent viloyat hududidagi iste’molchilarni bir me’yorda tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida 7 ming 127 ta yuqori va o‘rta bosimli gaz taqsimlash qurilmalarini joriy ta’mirlash va texnik taftishdan o‘tkazish, gaz quvurlarining korroziyaga uchrashining oldini olish maqsadida 380,5 kilometr gaz quvurlarida bo‘yoqlash va joriy ta’mirlash, 31,4 kilometr gaz quvurlarini mukammal ta’mirlash va rekonstruksiya qilish,  49 dona yuqori va o‘rta bosimli gaz taqsimlash nuqtalarini mukammal ta’mirlash ishlari  amalga oshirildi.

Ayniqsa, so‘nggi yillarda yoqilg‘i-energetika sohasida “Prokuror nazorati” tizimi o‘rnatilishi energiya ta’minoti sohalarining tartibga solinishi, debitor qarzdorlikning qisqarishi, tabiiy yo‘qotilishlarning kamayishi va aniq mexanizmlarning ishga tushirilishiga yordam berdi. Natijada elektr va gaz tarmoqlaridagi uzilishlar kamaydi, tabiiy gaz bosimi pasayib ketgan hududlar o‘rganilib, aholiga bir maromda tabiiy gaz va elektr energiyasini yetkazib berish choralari ko‘rildi. Bu bilan aholi xonadonlari va yuridik shaxslarning energiyaga bo‘lgan ehtiyoji barqaror ta’minlanib, aholining mazkur sohalarga bo‘lgan ishonchi ortdi, ularning roziligi ta’minlandi.  

— Kuz- qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida “Hududgaz Toshkent” gaz ta’minoti filiali tomonidan qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, suyultirilgan gaz ta’minoti bo‘yicha 2025-yilning oktabr va  2026-yilning mart oylari davomida 2,700 ming tonna suyultirilgan gazni oylik belgilangan jadval asosida yetkazib berish belgilangan.

Shundan 2025-yil oktabr-dekabr oylarida 1,350 ming tonna, 2026-yil yanvar-mart oylarida 1.350 ming tonna yetkazib berish rejalashtirilgan, — deydi "Hududgaz Toshkent" gaz ta’minoti filiali direktori o‘rinbosari Sardor Mirzamiddinov.  

Iste’molchilarga suyultirilgan gazni uzluksiz, yong‘in, texnika xavfsizligini ta’minlagan holda yetkazib berish maqsadida puxta tayyorgarlik ishlari amalga oshirilyapti, gaz ta’minoti tizimidagi barcha texnologik jarayon to‘liq nazoratga olingan. Shuningdek, gaz to‘ldirish shoxobchalari orqali maishiy gaz ballonlari 18 ta "ISUZU", 4ta" Gazel", 1ta yo‘ltanlamas avtotransport vositalari orqali 35-40 kun oralig‘ida aholi xonadonlarga yetkazib beriladi.  

Ta’kidlash lozimki, yoqilg‘i-energetika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar iqtisodiyot barqarorligi, turmush obodligi, aholi farovonligiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

A. Musayev, O‘zA