Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tabiiy resurslardan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etilmoqda
17:41 / 2023-03-23

Bosh prokuratura huzuridagi Departament tizimi xodimlari tabiiy resurs tarmoqlariga noqonuniy ulanish holatlarini fosh etmoqda.

Departamentning Shofirkon tumani bo‘limi tomonidan elektr tarmoqlari xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro U.I. o‘z xonadonida tarkibida oltin zarralari mavjud bo‘lgan toshlarni maydalashga mo‘ljallangan yashirin sex tashkil etgani aniqlangan. U elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib, 363,6 ming kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan.

Departamentning Vobkent tumani bo‘limi tomonidan elektr tarmoqlari xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro R.O. ham o‘z xonadonida tarkibida oltin zarralari mavjud bo‘lgan toshlarni maydalashga mo‘ljallangan yashirin sex tashkil etib, 383,6 ming kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani ma’lum bo‘ldi.

Departamentning Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan GTF xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Quyi Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi mas’ul shaxslari boshqarma ma’muriy binosini hech qanday hujjatsiz gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulab, 195 ming kub tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlangan.

Departamentning Ohangaron tumani bo‘limi tomonidan elektr tarmoqlari xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda «G.» unitar korxonasi rahbari N.B. qiyoslov ko‘rigi muddati o‘tgan va nazorat tamg‘alari bo‘lmagan elektr hisoblagichdan o‘zboshimchalik bilan foydalanib, 88,3 ming kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlangan.

Departamentning Bekobod shahar bo‘limi tomonidan elektr tarmoqlari xodimlari bilan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “M.Sh.» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari J.X. jamiyatga qarashli dala maydonidagi nasoslarni elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulab, 74,4 ming kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlangan.

Shuningdek, Departamentning Buxoro shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “B.L.» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari F.E. jamiyatga qarashli ko‘p qavatli uyini umumiy foydalanishdagi suv quvuriga hisoblagichsiz o‘zboshimchalik bilan ulab, 108,7 ming kub ichimlik suvidan noqonuniy foydalangani aniqlangan.

Ushbu qonun buzilish holatlari oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga jami 931,8 million so‘m zarar yetkazilgan.

Departament matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 185-2-moddasi (elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

O‘zA