Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tabiiy o‘g‘itlar mo‘l hosil garovidir
18:25 / 2026-01-28

Mamlakatimizda ekologik holatni yaxshilash, yer resurslaridan oqilona foydalanish hamda qishloq xo‘jaligida barqaror amaliyotlarni keng joriy etish maqsadida hududlarda amaliy chora-tadbirlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

So‘nggi yillarda sug‘oriladigan maydonlarning sho‘rlanish darajasi oshib bormoqda. Ushbu salbiy holatlarni bartaraf etishning yagona yo‘li mahalliy o‘g‘it qo‘llashdir. Tabiiy (mahalliy) o‘g‘itlar — tuproq unumdorligini oshirish va mo‘l hosil olishning asosiy garovi bo‘lib, ular tarkibida o‘simliklar uchun zarur bo‘lgan barcha ozuqa moddalari mavjud. Shu jumladan, go‘ng, kompost, biogumus va ko‘k o‘g‘itlar tuproq tarkibini yaxshilaydi, suv va havo o‘tkazuvchanligini oshiradi hamda mikroorganizmlarni faollashtiradi. Ulardan to‘g‘ri foydalanish hosildorlikni oshirish imkonini beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan hududiy hokimliklar hamkorligida Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida sug‘oriladigan yer maydonlarida shox-shabba, o‘simlik barglari va boshqa organik qoldiqlardan foydalangan holda tabiiy o‘g‘itlar tayyorlash bo‘yicha o‘quv-amaliy seminarlar yo‘lga qo‘yildi. Ushbu o‘g‘itlarning tuproq unumdorligi va hosildorlikni oshirishdagi ahamiyati yuzasidan o‘quv-amaliy seminar o‘tkazish bo‘yicha respublika ishchi guruhi tashkil etildi.

[gallery-27349]

Ishchi guruh a’zolari ishtirokida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumani “Naymanko‘l” ovul fuqarolar yig‘inida shu mavzuda seminar bo‘lib o‘tdi. Unda soha olimlari va tajribali mutaxassislar tomonidan shox-shabbalar, o‘simliklarning barglari, tanasi hamda turli qishloq xo‘jaligi chiqindilarini yoqmasdan, maxsus o‘ralarda to‘plash va qayta ishlash orqali tabiiy o‘g‘itlar tayyorlash jarayonlari amalda namoyish etildi. Shuningdek, tabiiy o‘g‘itlarning yer unumdorligi va hosildorlikka ta’siri yuzasidan ilmiy-amaliy tavsiyalar berildi.

– Mazkur usul atrof-muhitga zarar yetkazmasdan, tuproq unumdorligini oshirish, organik moddalarga boy o‘g‘itlar olish hamda ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.  

Shuningdek, ushbu texnologiya orqali havoga zararli moddalar chiqarilishining oldi olinadi va qishloq xo‘jaligida “yashil texnologiyalar”ni keng joriy etish imkonini beradi. Tabiiy o‘g‘itlarni foydalanish orqali faqat paxtachilikning o‘zidan hosildorlikni 5-10 sentnerga oshirish mumkin. Shu nuqtai nazardan ushbu seminarlar qishloq xo‘jaligida ekologik yondashuvlarni kengaytirish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli, –  dedi Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti bo‘lim boshlig‘i, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori Baxtiyor Atoyev.

Ta’kidlash joizki, joriy yilning 3 fevraligacha belgilangan jadval asosida Orolbo‘yining barcha hududlarida tabiiy o‘g‘itlar tayyorlash bo‘yicha o‘quv-amaliy seminarlar o‘tkazilishi belgilangan.  

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA