Forish tumani hududida 9–10-fevral kunlari kuzatilgan kuchli shamol va keyingi muttasil yog‘ingarchilik ayrim infratuzilma ob’ektlari hamda yashil hududlarga zarar yetkazdi. Oqibatda qator mahallalarda daraxtlar quladi, yo‘l belgilari shikastlandi, suv qochirish tizimlarida chiqindilar to‘plandi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, “Bog‘don”, “O‘zbekiston”, “Oqtepa”, “Uchma”, “Sayyod” va Oybek nomli mahallalarda mevali va manzarali daraxtlar zarar ko‘rgan. Ayniqsa, markaziy ko‘chalar hamda ijtimoiy ob’ektlar atrofida xavfsizlikni ta’minlash dolzarb vazifaga aylandi.

Tuman obodonlashtirish xizmati, yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi va ekologiya bo‘limi mutaxassislari tomonidan tezkor choralar ko‘rildi. Qulagan daraxtlar olib tashlanib, yo‘llar, trotuarlar va lotoklar loyqa hamda chiqindilardan tozalanmoqda. Shamolda yiqilgan yo‘l belgilari qayta o‘rnatilib, suv qochirish tarmoqlari tiklanmoqda. Ijtimoiy soha ob’ektlari faoliyatini barqarorlashtirish yuzasidan izchil ishlar olib borilmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, global iqlim o‘zgarishi sharoitida ekstremal ob-havo hodisalarining ko‘payishi tabiiy jarayonga aylanmoqda. BMTning atrof-muhitga oid hisobotlarida ham infratuzilmani mustahkamlash va barqaror rivojlanish tamoyillarini kuchaytirish zarurati qayd etilgan.

Hududda nafaqat oqibatlarni bartaraf etish, balki ehtimoliy xavflarning oldini olishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Qulash xavfi mavjud daraxtlar xatlovdan o‘tkazilib, mustahkamlanmoqda, ekologik zararlar bo‘yicha dalolatnomalar rasmiylashtirilib, yashil hududlarni tiklash rejalari ishlab chiqilmoqda.

Mutasaddilarning ma’lum qilishicha, vaziyat barqaror. Barcha xizmatlar kuchaytirilgan tartibda ish olib bormoqda. Aholidan xavf tug‘diruvchi holatlar aniqlanganda tegishli idoralarga xabar berish so‘ralmoqda.
Tabiiy ofat sinov bo‘lsa-da, uning oqibatlarini qisqa muddatda bartaraf etishda davlat xizmatlari va mahalliy aholining hamjihatligi muhim omil bo‘layotir.

Abdujalol Qayumov (surat), O‘zA muxbiri