O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi Xalilillo To‘raxo‘jayev boshchiligidagi delegatsiya Germaniyaning Bonn shahriga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida delegatsiya Germaniyaning Monopoliyalar komissiyasi Bosh kotibi Mark Batal bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida Germaniyaning tabiiy monopoliyalarni tartibga solish sohasidagi mexanizmlari va amaliy tajribasini o‘rganish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar, shuningdek, Germaniya iqtisodiyotidagi turli sohalarda raqobat muhitini rivojlantirish, mavjud tizimli muammolarni tahlil qilish va ularni hal etish bo‘yicha qo‘llanilgan mexanizmlarni ko‘rib chiqdi.
Shu bilan birga, delegatsiya Germaniyaning muhim tarmoqlarini boshqaruvchi va tartibga soluvchi agentlik – Federal tarmoqlar agentligi (Bundesnetzagentur) rahbariyati bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida Qo‘mita delegatsiyasi Germaniyaning elektr energetikasi, gaz, telekommunikatsiyalar, pochta va temir yo‘l sohalarida tarmoqlardan adolatli foydalanishni ta’minlash orqali raqobatni rivojlantirish amaliyotlarini o‘rgandi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA muxbiri