“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan neft va gaz sohasini yorituvchi jurnalistlar uchun o‘quv-seminari o‘tkazildi.
“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati Modellashtirish markazi boshlig‘i Anvar Murotov ushbu tadbirdan ko‘zlangan maqsad va tizimda amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi:
–Umuman, neft va gaz sohasini yoritishda jurnalistlarning ixtisoslashuvi muhim hisoblanadi. Chunki ulardan bu tizim haqida maqola yozishda qaysidir ma’noda izlanish va ko‘nikma talab etiladi.
Shundan kelib chiqib, seminarda jurnalistlarning sohaga oid bilimlarini boyitish, ixtisoslashtirish, respublika iqtisodiyoti va aholisining neft va gaz mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar bo‘yicha xabardorligini oshirish, jurnalistlar bilan samarali hamkorlik mexanizmlarini yo‘lga qo‘yishni maqsad qildik.
“Tabiiy gazni qazib chiqarish, qayta ishlash va konlarni raqamlashtirish” mavzusidagi mazkur o‘quv-seminarida mutaxassislar tomonidan geologiya, burg‘ilash, qazib chiqarish, qayta ishlash, sohani raqamlashtirish borasida batafsil ma’lumotlar berildi. Bunda ular neft va gaz geologiya-qidiruv ishlarini tashkil etish, olib borish tizimi, burg‘ilash muddatini qisqartirishda innovatsion usullar, qazib chiqarish, qayta ishlash va chuqur qayta ishlash jarayonlarining bugungi holati va istiqbollari haqida qiyosiy tahlillarga ahamiyat qaratdi.
Yangiliklarga to‘xtaladigan bo‘lsak, Modellashtirish markazi faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi soha uchun muhim qadam bo‘ldi. Avvallari hamma ma’lumotlar qog‘ozda bo‘lgan bo‘lsa, hozir hamma ma’lumotlar raqamlashtirildi. Neft-gaz sohasida yuqori darajaga erishish, geologik tadbirlarni samarali tashkil etishda aynan shu markaz faoliyati muhim o‘rin egallaydi. Albatta, tizimga raqamlashtirishning joriy qilinganidan keyin ishimiz yanada jadallashdi va samaradorlik yanada yuqori bo‘ldi. Yangi konlarni burg‘ilash va ulardan gaz ishlab chiqarish doimiy rejamiz hisoblanadi.
Joriy yilda 123 ta yangi kon bo‘yicha ishlarni olib borayotgan bo‘lsak, mavjud konlarni ham kapital ta’mirlashda xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik qilyapmiz. Gazni qazib chiqarish va ishlab chiqarish jarayonlarini ham raqamlashtirish ko‘zda tutilgan. Tatbiq etilayotgan “Ye-kon” loyihasi esa aynan shu maqsadga qaratilgan va u orqali har bir konning hududida gaz ishlab chiqarishni onlayn ko‘rib turish hamda ularda zarur bo‘lgan ishlarni amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.
Modellashtirish markazi tomonidan 2019-2023 yillar mobaynida jamiyat tasarrufidagi 7200 dan ortiq quduq bo‘yicha 470 mingga yaqin geologik va texnik ma’lumotlar, 1400 dan ortiq quduq bo‘yicha 44 mingta geofizik tadqiqotlar natijalari va 750 ta seysmik ma’lumotlar raqamlashtirilgan.
Muhimi, ma’lumotlarni yaxlit tizimda birlashtirish asosida O‘zbekiston neft va gaz sanoatining yagona Milliy ma’lumotlar bazasi tashkil qilindi. Milliy ma’lumotlar bazasini loyihalashtirish, zarur moddiy-texnik resurslarni yetkazib berish, ularni o‘rnatish va ishga tushirishda AQSHning “Schlumberger” kompaniyasi bilan hamkorlik qilindi.
Ayni paytda uglevodorod konlarining raqamli 3D geologik va gidrodinamik modellarini tuzish va ishlab chiqarishga bosqichma-bosqich tatbiq etish ishlari amalga oshirilmoqda.
O‘zA muxbiri
Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi