Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tabiiy gazni magistral gaz quvurlari orqali tashishdagi yo‘qotishlarni minimallashtirish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda
12:22 / 2023-08-02

Bugungi kunda “O‘ztransgaz” AJ 14 ming kilometrga yaqin magistral gaz quvurlariga xizmat ko‘rsatadi. Ularning aksariyati bir necha o‘n yillar davomida ekspluatatsiya qilinmoqda.

Shunga qaramay, gaz transport tizimining ishonchli va xavfsiz ishlashini ta’minlash, tabiiy gazni magistral gaz quvurlari orqali tashishdagi yo‘qotishlarni minimallashtirish maqsadida qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.  

Mamlakatimizning turli nuqtalarida bu jarayonlar tizimli tashkil etilib, yangi tarmoqlar qurish, mavjudlarini rekonstruksiya hamda modernizatsiya qilish ishlari qizg‘in davom ettirilmoqda.  

Urganch magistral gaz quvurlari boshqarmasi bosh muhandisi Dilshod Xolmurodov qayd etganidek, “Gazli-Nukus” magistral gaz quvurida diametri 1220 mm bo‘lgan magistral gaz quvuri respublika shimoliy va janubiy qismlarini bog‘lovchi asosiy magistral gaz quvurlari hisoblanadi.  

–1996-2007 yillarda foydalanishga topshirilgan “Gazli-Nukus” magistral gaz quvuri ikki tarmoqdan iborat. Har birining uzunligi 300 kilometrdan ortiq. Hozirda ayni yo‘nalishdagi quvurning 31-kilometrida ishlar olib borilmoqda. 2021 yilda “Rosen” kompaniyasi tomonidan mazkur magistral gaz quvurining 159 kilometrida quvur ichki diagnostikasi o‘tkazilgan. Natijada uning 43-66 kilometrida nuqsonli qismlar aniqlangan. Hozirgi kunda ularni almashtirish ishlari olib borilmoqda, –dedi D.Xolmurodov.  

[gallery-12995]

Ta’kidlash kerakki, quvurlarni ulab yaxlit bir tarmoq shakliga keltirish murakkab hamda mas’uliyatli vazifa. Katta diametrdagi quvurlarni bir-biriga ulashdek noqulay va murakkab jarayonda mutaxassis mahorati va tajribasi, uquvi va mohirligi talab etiladi. Bu jarayonda ularga munosib mehnat sharoitlarini yaratish ham juda zarur.  

“Transgazinjiniring” direktori o‘rinbosari Sherzod Namozovning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda ta’mirlash jarayoniga 50 ga yaqin ishchi-xodimlar, shuningdek, 20 ga yaqin maxsus texnika jalb qilingan. Ishlar mehnat xavfsizligi qoidalariga asosan bajarilmoqda.    

O‘z navbatida, bu ishlar “Buxoro-Ural” magistral gaz quvurida ham davom ettirilmoqda. Diametri 1020 mm bo‘lgan mazkur quvurlar majmui uch tarmoqdan iborat bo‘lib, bugungi kunda uning birinchi hamda uchinchi tarmog‘idagi nuqsonli qismlar kapital ta’mirlanmoqda.  

– Ayni chog‘da “Buxoro-Ural” magistral gaz quvuri 1-tarmog‘ining 39-kilometrida rekonstruksiya ishlari olib borilyapti. Mazkur ob’ekt “O‘ztransgaz” AJning 2023 yilda kapital ta’mirlash dasturiga kiritilgan bo‘lib, uning 5,5 kilometrlik nuqsonli qismlarini almashtirish ko‘zda tutilgan. Hozirda 3,5 kilometr uzunlikdagi nuqsonli qismlari almashtirilib, gidrosinov ishlariga tayyorlanmoqda, – dedi Gazli magistral gaz quvurlari boshqarmasi yetakchi muhandisi Alisher Boltayev.  

 

N.Ziyodullayeva,  

O‘zA