Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanining barcha mahallalarida mavjud ijtimoiy muammolarni bartaraf etish, kuz-qish mavsumida energiya resurslaridan oqilona foydalanish, tabiiy gaz bosimi va elektr energiyasining bir maromda yetib borishini ta’minlash maqsadida mas’ullaridan iborat tezkor shtab hamda ishchi guruhlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Tezkor shtab va ishchi guruh a’zolari tomonidan tumanda kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish, aholini tabiiy va suyultirilgan gaz, elektr energiyasi va ichimlik suvi bilan uzluksiz ta’minlash, mavsum davomida elektr energiyasi va tabiiy gaz resurslaridan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanish bilan bog‘liq holatlarni oldini olish borasida tezkor profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Tuman miqyosida o‘tkazilgan ana shunday tezkor profilaktik tadbirlar davomida bir nechta qonun buzarlik holatlari fosh etildi.
G‘ijduvon tumani IIB hamda tuman “Hududgaz” taminoti korxonasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida G‘ijduvon tuman “Zarangari” mahalla fuqarolar yig‘ini Shakarobod qishlog‘ida yashovchi fuqaro Ubaydullo Komilov yashash xonadoniga bir dona noqonuniy gaz surgich o‘rnatib, foydalanib kelayotganligi aniqlandi.
Yana bir shunday holat tumanning “Bo‘lakiyon” mahalla fuqarolar yig‘ini Saraosiyobolo qishlog‘ida yashovchi fuqaro Murod Elovning yashash uyida kuzatildi. Aniqlanishicha, fuqaro bir dona noqonuniy gaz so‘rgich o‘rnatib, foydalanib kelayotganligi ma’lum bo‘lgan.
[gallery-9994]
Tumandagi “Armechan” mahalla fuqarolar yig‘ini Charmgar qishlog‘ida yashovchi fuqaro D.M xonadonida tashkil qilingan Abdullayev Doston Shavkatovichga tegishli bo‘lgan maktabgacha ta’lim muassasasini elektr toki bilan ta’minlash maqsadida elektr hisoblagich orqali o‘tkazmasdan simyog‘ochdan noqonuniy ravishda elektr toki tortib foydalanib kelayotganligi aniqlandi.
O‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida G‘ijduvon tumani “Zarangari” mahalla fuqarolar yig‘ini Abadi qishlog‘ida joylashgan fuqaro Qo‘ldoshev Alijon Narziyevichga tegishli bo‘lgan “Issiq non” nomli MCHJga qarashli nonvoyxonasida bir dona noqonuniy gaz so‘rgich o‘rnatib, foydalanib kelayotganligi aniqlandi.
O‘rganishlar davomida yana bir noqonuniy holatga chek qo‘yildi. Tuman “Zarangari” mahalla fuqarolar yig‘ini Abadi qishlog‘ida joylashgan fuqaro Boltayev Alisher Abdullavichga tegishli “Saykal” oshxonasida bir dona noqonuniy gaz so‘rgich o‘rnatilib, foydalanib kelayotganligi ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holatlar bo‘yicha tuman “Hududgaz” taminoti xodimlari tomonidan dalolatnoma rasmiylashtirilib, noqonuniy gaz so‘rgichlar olib qo‘yildi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA