Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tabiiy gazdan unumli foydalanish choralari muhokama qilindi
09:12 / 2025-07-08

Namangan viloyati Chust tumanida aholiga sifatli kommunal xizmatlar ko‘rsatish borasida muayyan tajribalar yo‘lga qo‘yilgan. Masalan, “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali “Chust tumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan seminarda iste’molchilarga tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha erishilgan ijobiy natijalar ko‘rsatildi.

Seminarda, tumandagi Sadacha mahallasi hududida joylashgan “Chust-1” gaz taqsimlash stansiyasi hamda “Do‘stlik” mahallasiga borilib, amalga oshirilgan ishlar ko‘zdan kechirildi. Jarayon davomida, “Sadacha” MFY ikki bosqichli tizimga o‘tkazilishi munosabati bilan stansiyada “RDUK-200” rusumli gaz taqsimlash punkti o‘rnatilib, hududda esa tarmoqlar estetik jihatdan tartibga keltirilganligiga guvohi bo‘lindi. 

– Dastavval, tumanimizda gaz quvurlarining gidravlik tahlili o‘tkazildi. Quvur diametrlarining keskin o‘zgarishi oqim bosimida yo‘qotishlarga va gaz ta’minotidagi uzilishlarga olib kelgan. Tarmoqning muammoli nuqtalari qayta loyihalashtirildi, – deydi “Chusttumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi Mahallabay ishlash xizmati boshlig‘i Doniyor Ismoilov. – Endilikda quvur diametri bosqichma-bosqich o‘zgarmoqda. Bu esa oqim barqarorligini ta’minlaydi. Maxsus reduktorlar, kompensatorlar, klapanlar o‘rnatilib, gidravlik zarbalar, bosimdagi keskin o‘zgarishlar bartaraf etildi. Gaz bosimi va oqim tezligini aniq hisoblash uchun “Bernulli” va “Darsi-Veysbax” formulalari asosida hisob-kitoblar amalga oshirildi. 

Seminar yakunida, “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali direktori Ibrohimjon Mamajonov gaz taqsimlash stansiyalaridan qabul qilib olingan gaz hajmlarini iste’molchilarga belgilangan bosimlarda bir me’yorda yetkazib berish, gaz sizib chiqish holatlarini oldini olish, gaz tarmoqlarini estetik tartibga solish, noqonuniy foydalanishlarga yo‘l qo‘ymaslik, kunlik qabul qilib olingan va iste’molchilarga yetkazib berilgan gaz hajmlarini tahlil qilib borish muhim ekanligini ta’kidladi. 

Ushbu amaliy jarayonlar ilmiy yondashuv, muhandislik bilimlari va jamoaviy mas’uliyat asosida amalga oshirilgan islohotlarning samarasi o‘laroq “Chusttumangaz” gaz ta’minoti bo‘limining ish faoliyati filialning barcha hududiy bo‘limlariga namunaviy tajriba qilib ko‘rsatildi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.