Hududlarda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanishning oldini olishga qaratilgan tezkor chora-tadbirlar doirasida Qashqadaryo viloyatida qator qoidabuzarliklar fosh etildi.
Nishon tumani Talimarjon shaharchasining Tinchlik mahallasida yashovchi fuqaro I.T. parrandachilik korxonasi binosini isitish maqsadida gaz tarmog‘iga yashirin ravishda ulangani aniqlandi. Uning xatti-harakatlari natijasida davlatga 72 million so‘mlik zarar keltirilgan.

Qarshi shahrining Alisher Navoiy mahallasidagi yana bir holatda fuqaro K.E. novvoyxonada hisoblagichdan oldin rezina shlang orqali tarmoqqa ulanib, gazdan noqonuniy foydalangan. Tekshiruvlardan so‘ng unga 41 million 287 ming so‘m miqdorida kompensatsiya va jarima qo‘llanildi.

Shuningdek, shaharning Buyuk Turon mahallasida fuqaro A.N. hisoblagich uskunasiga o‘zboshimchalik bilan aralashib, 33 million so‘mlik gazni hisobdan chiqarib foydalangani aniqlangan.

Umumiy hisobda ushbu uchta holat bo‘yicha gaz ta’minoti tashkilotiga 146 million so‘mlik zarar yetkazilgani ma’lum qilindi. Hozirda to‘plangan hujjatlar qonunchilik asosida huquqiy baholash uchun tegishli nazorat idoralariga yuborilgan.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri