Qashqadaryo viloyatida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlanmoqda. “Hududgaz Qashqadaryo” GTFning komplayens nazorat tuzilmalari hamda mahalla iste’molchilari bilan ishlash bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tekshiruvlarda bir qator qonunbuzarliklar aniqlangan.
Qarshi shahridagi “Qarshi” MFYda istiqomat qiluvchi fuqaro Q.Q. hech qanday hujjatsiz tarmoqqa ulanib, tabiiy gazdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri foydalangani ma’lum bo‘ldi. Bu holat natijasida 22 million so‘mlik gaz sarfi qayta hisob-kitob qilindi.
Koson tumani Arabxona mahallasidan esa yana bir noqonuniy ulanish holati aniqlandi. Xonadon egasi orqadan o‘tgan tarmoqqa yashirin yo‘llar orqali ulanib, 27 million so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangan. Shuningdek, shu tumanda yashovchi R.O. hisoblagich o‘rnatmay, xavfsizlik talablarini qo‘pol ravishda buzib, rezina shlang orqali tarmoqqa ulanib, 29 million so‘mlik gazni talon-toroj qilgan.
Yakkabog‘ tumanidagi tadbirkor M.T. ham qonun talablarini chetlab, gaz tarmog‘iga yashirin ulanib, hammom binosini qizdirish maqsadida foydalangan. Bu holat tadbirkorga nisbatan 263 million so‘mlik jarima jazosi qo‘llanilishini talab qildi.
Barcha aniqlangan qonunbuzarliklar bo‘yicha qayta hisob-kitob ishlari amalga oshirilib, tegishli hujjatlar huquq-tartibot organlariga yuborildi.
Ekspertlar ta’kidlashicha, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish nafaqat iqtisodiy yo‘qotishlarga olib keladi, balki xavfsizlik uchun ham jiddiy tahdid hisoblanadi. Shu bois fuqarolar va tadbirkorlar qonun talablariga qat’iy rioya qilishi zarur.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri