Qaror va ijro
Toshkent viloyatida aholini bir maromda tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta’minlash, mavjud muammolar va kamchiliklarni bartaraf yetish yo‘lidagi harakatlar izchil davom yetmoqda.
Prezidentimizning 2025 yil 1 apreldagi “Yoqilg‘i-energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish va behuda sarflanishining oldini olish hamda energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan viloyatda zarur chora-tadbir ishlab chiqilgan bo‘lib, shunga asosan bu yil davomida 206,6 million metr kub tabiiy gaz hajmlarini iqtisod qilish belgilangan.

– Ushbu qarorga asosan hududdagi 29 ming 860 ta aholi xonadonlarini ikki bosqichli tizimga o‘tkazib, 671 ta gaz taqsimlash punktlarini demontaj qilish hamda 49 ta gaz taqsimlash punktlarini almashtirish hisobiga 980 ming metr kub gaz hajmlari iqtisod qilinadi. Ko‘p yillar foydalanishda bo‘lgan gaz quvurlari mukammal ta’mirlanadi va rekonstruksiya qilish hisobiga energiya tejamkorligi oshiriladi. Aholi xonadonlarida o‘rnatilgan nostandart yoki eskirgan gaz yondirgichlarini zamonaviy tejamkorlariga almashtirish choralari ko‘riladi. Viloyatda faoliyat ko‘rsatuvchi issiqlik manbai korxonalariga qarashli ayrim qozonxonalar hamda issiqlik tarmoqlari ta’mirlanadi, – deydi “Hududgaz Toshkent” gaz ta’minoti filiali Gaz ta’minoti ob’ektlaridan samarali foydalanish bo‘limi xodimi Ulug‘bek Jamolov.
Ohangaron shahrida tabiiy gaz ta’minoti tizimini yanada takomillashtirish va raqamli texnologiyalarni keng joriy yetish, “Aqlli mahalla” loyihasini amalga oshirish maqsadida Bunyodkor mahallasi tanlab olinib, “Parkent” tajribasi yo‘lga qo‘yildi.

Hozir Ohangaron shahar bo‘yicha 30 ta gaz taqsimlash punkti mavjud bo‘lib, shundan 2 tasi yuqori bosimli va 28 tasi o‘rta bosimlidir. Ular birin ketin demontaj qilinmoqda. Aholining eskirgan gaz uskunalari zamonaviy, energiya tejamkorlariga almashtirilmoqda. Hududdagi mavjud yerusti gaz quvurlari holati to‘liq o‘rganilib, jami 5,4 kilometr qismi bo‘yaldi.
Shu bilan birga, Angren shahrida ham bu kabi sa’y-harakatlar qilinmoqda. O‘tgan davrda hududdagi gaz taqsimlash punktlarining eskirgan 25 donasi yangilariga almashtirildi. Turli diametrli gaz quvurlarining jami 35 kilometr qismi bo‘yaldi. Bundan tashqari, “Gulbog‘” mahalla fuqarolar yig‘inida ham gaz ta’minotini yaxshilash choralari ko‘rilmoqda.
Maqsad tabiiy gazdan foydalanish samaradorligini oshirish, yillik gaz yo‘qotishlarning oldini olish, resurslarni tejash va iste’molchilarga tabiiy gazni barqaror yetkazib berishdir.
A.Musayev, O‘zA.