Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tabiiy gazdan ajratilishi belgilangan bo‘lsa-da, 1 500 ta xonadonning bir kunlik iste’molini sarflayotgan korxonalar aniqlandi
12:48 / 2022-12-10

Energetika vaziri boshchiligidagi maxsus shtab tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida yuridik iste’molchilarning tabiiy gazdan foydalanish holatlari bo‘yicha nazorat tadbiri o‘tkazildi.

Toshkent shahar Bektemir tumani Husayn Boyqaro ko‘chasi Kichik sanoat hududida joylashgan «Jasmin Aleks» MCHJga qarashli qog‘ozni qayta ishlash korxonasi, «Supper Xaus Ruf» MCHJga qarashli shifer ishlab chiqarish korxonasi hamda Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida joylashgan «BEAUTY GLASS DECOR» MCHJga qarashli shishani qayta ishlash korxonasi tekshirilganda, ularga kuz-qish mavsumida tabiiy gazdan ajratilishi belgilangan bo‘lishiga qaramasdan «Hududgaz Poytaxt» gaz ta’minoti filiali tomonidan tabiiy gaz yetkazib berilayotganligi aniqlandi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur iste’molchilar tomonidan kunlik foydalanilayotgan 31 000 ming metr kub tabiiy gaz, o‘rtacha 1 500 ta xonadonning bir kunlik iste’molini tashkil qiladi.

Holat yuzasidan barcha hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun prokuraturaga topshirildi. Hozirda dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Hududlar bo‘ylab nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.

O‘zA