bugungi kunda “Hududgaztaminot” AJ tomonidan tabiiy gazdan foydalanuvchi iste’molchilar xonadonlariga “aqlli” gaz hisoblagichlari bepul o‘rnatib berilmoqda. Bu esa iste’molchilarning to‘lov madaniyatini shakllantirishda muhim vosita bo‘lmoqda.
Shu kunga qadar Navoiy viloyatida 74 ming 171 ta zamonaviy hisobdon o‘rnatilib, shundan 71 ming 911 tasi maxsus bazaga kiritildi. Uchquduq tumanida hisobdon o‘rnatish ishlari to‘liq yakuniga yetkazilgan bo‘lsa, Nurota tumanida o‘rnatilishi lozim bo‘lgan 5960 ta hisobdonning 4023 tasi o‘rnatildi. Avgust oyining oxirigacha mazkur tumanda hisobdon o‘rnatish ishlarini yakuniga yetkazish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Karmana tumanida 27 601, Qiziltepa tumanida 12 532, Xatirchi tumanida 9512, Navoiy shahrida esa 12 106 nafar iste’molchining sarflagan tabiiy gaz uchun hisob-kitobi ham avtomatlashtirilgan tizim orqali amalga oshirilmoqda.
– Iste’mol qilingan tabiiy gaz uchun qarzdorligi bo‘lgan iste’molchilarga tarmoqdan avtomatik tarzda o‘chirilishlaridan avval, gaz hisoblagich o‘rnatilayotgan vaqtda iste’molchi tomonidan taqdim yetilgan telefon raqamiga ogohlantirish SMS - xabarnomalar yuborilmoqda, – deydi “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati rahbari Zebo Qutdiyeva. – Viloyatda joriy yil iyul oyining o‘zida xonadoniga zamonaviy hisobdon o‘rnatilgan 33 ming 369 nafar iste’molchi 8 milliard 56 milliondan ortiq qarzdorlik uchun SMS – xabarnoma orqali ogohlantirilgan. Shunday bo‘lishiga qaramay, 3 ming 670 nafar iste’molchining gaz ta’minoti 1 milliard 230 million 800 ming so‘m qarzdorlikni belgilangan vaqtda bartaraf qilmagani uchun tarmoqdan avtomatik ravishda to‘xtatilgan. Shundan so‘ng 2 ming 552 nafar iste’molchi qarzini to‘lagach, maxsus kod yordamida tarmoqqa qayta ulangan.
Ayni paytda “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filialining tumanlardagi idoralari xodimlari tomonidan iste’molchilarga bunday ovoragarchiliklarning oldini olish uchun to‘lovni vaqtida amalga oshirish hamda gazni iqtisod qilgan holda oqilona foydalanish zarurligi tushuntirilmoqda.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA