Tabiiy gazni aholiga uzluksiz va xavfsiz yetkazib berish maqsadida hududlardagi gaz tarmoqlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish ishlari izchil davom ettirilmoqda. Asosiy maqsad yilning barcha fasllarida, ayniqsa, kuz-qish mavsumida iste’molchilarni barqaror va sifatli tabiiy gaz bilan ta’minlashdir. Shu yo‘nalishda tizim xodimlari tomonidan Buxoro viloyatining barcha shahar va tumanlarida keng ko‘lamli amaliy ishlar jadal sur’atlarda olib borilmoqda.
Jumladan, viloyatning olis hududlaridan biri Olot tumanida ham joriy yil hisobidan gaz quvurlarini rekonstruksiya qilish ishlari boshlab yuborildi. Tumanning “Asajam” mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli “Yuqori Olot” va “Qosim ariq” qishloqlarida mavjud bo‘lgan o‘rta bosimli, diametri 219 mm bo‘lgan yer osti gaz quvurida mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Rekonstruksiya qilinayotgan tarmoqning umumiy uzunligi 4 kilometrdan ortiqni tashkil etadi. Mazkur ishlar hudud aholisining gaz ta’minotini barqarorlashtirish va xavfsizlik darajasini oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, Vobkent tumanining “Panob” mahalla fuaqrolar yig‘ini “Xurram” qishlog‘ini tabiiy gaz bilan ta’minlovchi o‘rta bosimli gaz quvuri ham rekonstruksiya qilindi. Loyiha doirasida 1 kilometrdan ortiq masofadagi quvur tarmog‘i yangilandi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida 2 mingga yaqin aholi xonadonlarining gaz ta’minoti sezilarli darajada yaxshilanishi kutilmoqda.
Tumandagi yana bir manzil “Xayrabod” mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli Mirishkor qishlog‘idagi yer osti gaz quvurida ham rekonstruksiya ishlari boshlandi. Ushbu hududda quvurning 1 kilometr 400 metr qismida yangilash ishlari olib borildi. Natijada 120 ta xonadonga tabiiy gaz xavfsiz va barqaror tarzda yetkazib berilmoqda.

Bundan tashqari, G‘ijduvon tumanining “Qaraxoni” mahalla fuqarolar yig‘inida ham yer osti gaz quvurlarini mukammal ta’mirlash ishlari tashkil etildi. Diametri 219 mm bo‘lgan ushbu quvurning 1 kilometrdan ortiq qismida rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, hozirga qadar qariyb 500 metr qismida ishlar yakunlandi.
–Umuman, olib borilayotgan rekonstruksiya va modernizatsiya ishlari natijasida 4 mingdan ortiq iste’molchi tabiiy gaz bilan yanada barqaror va xavfsiz ta’minlanadi, –deydi gaz ta’minoti filiali Qurilish-montaj boshqarmasi boshlig‘i Akmal Xolov. –Eng muhimi, mavjud tarmoqlarni yangilash orqali avariya holatlarining oldi olinib, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmat sifati yanada oshirilmoqda.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri