“O‘zbekneftgaz” AJ o‘tkazilgan galdagi yig‘ilishda davlat rahbari belgilagan ustuvor vazifalar, jamiyat faoliyatini tiklash, tabiiy gaz ishlab chiqarish hajmlarini barqarorlashtirish va sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni oshirish ijrosi tahlil qilindi.
Unda so‘nggi to‘rt yilda tabiiy gaz qazib chiqarish hajmlari 21,7 foizga kamaygani qayd etildi. Bu holat strategik rejalashtirishning yetishmasligi va faqat kundalik vazifalarga e’tibor qaratilishidan kelib chiqqan. Shu bois, har bir konning iqtisodiy samaradorligi va rentabellik darajasi aniq belgilanishi zarurligi ta’kidlandi.
Jamiyat axborot xizmatining ma’lum qilishicha, yig‘ilishda aytib o‘tilgani kabi joriy yilda geologik-qidiruv va texnik tadbirlarga katta hajmda mablag‘ ajratilganiga qaramasdan, qazib chiqarishda o‘sish kuzatilmagan, qazib chiqarish sur’atlarining 5-6 foizga pasayib borayotgani boshqa turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
Hozirda “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan qazib chiqarilayotgan gaz tannarxdan arzonroq narxda keyingi bosqichga yetkazilyapti. Bu esa kompaniyaning moliyaviy barqarorligiga salbiy ta’sir qiladi va tashqi qarzlarning ortishiga sabab bo‘lmoqda.
Yig‘ilish yakunida esa soha muammolarini bartaraf etish, tabiiy gaz qazib chiqarishni barqaror rivojlantirish va zaxiralarni ko‘paytirishga qaratilgan aniq taklif va tashabbuslar muhokama qilindi. Ushbu takliflar asosida sohani rivojlantirish uchun kompleks chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilishi topshirildi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA