Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tabiiy gaz haqini vaqtida to‘lang
16:52 / 2023-05-04

Mamlakatimizda aholini tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlashda zamonaviy “aqlli” gaz hisoblagichlardan oqilona foydalanishga qaratilayotgan e’tibor milliy boyligimizdan tejab foydalanish va iste’molchilarning to‘lov madaniyatini shakllantirishda yaxshi samaralar bermoqda. Surxondaryo viloyatida bu borada amalga oshirilayotgan ishlar ham bunga yaqqol dalildir.

Viloyatda 124 ming 149 tabiiy gaz iste’molchisi bor. Keyingi ikki yilda ularning 121 ming 538 tasiga zamonaviy gaz hisoblagich o‘rnatilib, dasturga to‘liq integratsiya qilindi. Vohaning Denov tumanida zamonaviy hisoblagich o‘rnatish yakunlandi. Termiz shahrida may oyi yakunigacha bu ish yakunlanib, mavjud 37 ming 569 xonadon foydalanilgan gaz uchun avtomatlashtirilgan tizim orqali to‘lovni amalga oshira boshlaydi. Ayni paytda viloyat markazidagi xonadonlarga 34 ming 442 ta “aqlli” gaz hisoblagich o‘rnatilgan.  

– Zamonaviy hisoblagich ta’minotchiga ham, iste’molchiga ham bir xil qulaylik yaratdi, – deydi “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali bo‘lim boshlig‘i Fayzullo Hurramov. – Jumladan, tabiiy gaz uchun qarzdorligi bo‘lgan iste’molchiga tarmoqdan avtomatik tarzda o‘chirilishdan avval gaz hisoblagich o‘rnatilayotgan vaqtda iste’molchi taqdim etgan telefon raqamga ogohlantirish SMS – xabarnoma yuboriladi. Mazkur xabardan so‘ng to‘lov amalga oshirilsa tabiiy gaz tarmoqdan uzib qo‘yilmaydi. To‘lovni onlayn amalga oshirish imkoniyati ham mavjud. Yaratilgan bu qulayliklar iste’molchi va ta’minotchi o‘rtasida qarzdorlik kelib chiqishining oldini oladi. Iste’molchiga uydan turib to‘lovni amalga oshirib, vaqtini behuda sarflashiga yo‘l qo‘ymaydi.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, bunday zamonaviy imkoniyatdan viloyatning Termiz tumanida 7 ming 869, Angorda 2 ming 787, Bandixon tumanida 2 ming 187, Boysunda 6 ming 200, Jarqo‘rg‘on tumanida 5 ming 104, Qiziriqda 2 ming 225, Qumqo‘rg‘onda 7 ming 354 iste’molchi foydalanmoqda. Muzrabot tumanida 1 ming 674, Oltinsoyda 663, Sariosiyo tumanida 11 ming 87, Sherobodda 4 ming 449, Sho‘rchida 7 ming 866, Uzun tumanida 4 ming 575 iste’molchi sarflagan tabiiy gaz uchun hisob-kitob va to‘lovini avtomatlashtirilgan zamonaviy tizim orqali amalga oshirayotir.  

–Tumanda 18 ming 315 xonadon tabiiy gazdan foydalanadi, – deydi “Denovtumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi boshlig‘i Olimbek Mavlonov. – Avvallari nazoratchilar uyma-uy yurib, iste’mol qilingan tabiiy gazni hisob-kitob qilar va qarzdorlik yuzaga kelgan xonadonni tarmoqdan uzib qo‘yar edi. “Aqlli” gaz hisoblagich o‘rnatilgach, nazoratchilarga ham ehtiyoj qolmadi. Qarzdor iste’molchi SMS xabar orqali ogohlantirilgach ham to‘lovni amalga oshirmasa, ma’lum muddat o‘tgach, avtomatik tarmoqdan uzilmoqda. Aksariyat hollarda qarzdorlik yuzaga kelganidan xabar topgan iste’molchilar darhol to‘lovni amalga oshirib, qarzdorlikni bartaraf etmoqda. Xo‘sh, viloyatda bu boradagi ahvol qanday? Barcha iste’molchilar ham qarzdorlik yuzaga kelganidan xabar topgach, tabiiy gaz uchun o‘z vaqtida to‘lov qilyaptimi?  

–Hali ham foydalangan tabiiy gaz uchun to‘lov qilishni cho‘zib keladigan iste’molchilarimiz bor, – deya suhbatni davom ettiradi “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali bo‘lim boshlig‘i Fayzullo Hurramov .– Misol uchun, vohada joriy yil aprel oyida xonadoniga zamonaviy hisoblagich o‘rnatilgan 15 ming 368 iste’molchi 492 million so‘mlikdan ortiq qarzdorlik uchun SMS – xabarnoma orqali ogohlantirilgan. Ulardan 6 ming 938 nafarining gaz ta’minoti 235 million 588 ming so‘m qarzdorlikni belgilangan vaqtda bartaraf etmagani uchun tarmoqdan avtomatik ravishda to‘xtatilgan. Shundan so‘ng 4 ming 35 iste’molchi qarzini to‘lagach, maxsus kod yordamida tarmoqqa qayta ulangan. Qolganlari garchand xonadoniga tabiiy gaz yetkazib berish to‘xtatilgan bo‘lsada, to‘lovni amalga oshirgani yo‘q. Viloyatda iste’molchilarning to‘lov madaniyatini oshirib, bunday ovoragarchiliklarning oldini olish, yuzaga kelgan qarzdorlikni to‘liq bartaraf etish uchun tuman va shahar gaz ta’minoti idoralari xodimlari joylarda tushuntirish ishlarini olib bormoqda. Shuningdek, milliy boyligimiz bo‘lgan tabiiy gazdan tejab foydalanish yuzasidan targ‘ibot tadbirlarini amalga oshirmoqda.  

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA