Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tabiatni shikastlamang, jarima to‘laysiz
11:02 / 2025-08-26

Ijtimoiy tarmoqda Denov tumanidagi Nurli manzil mahallasi hududida ko‘p qavatli uy-joy qurilishida daraxtlar kesib tashlanganiyu, boshqa qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yilgani haqida tarqalgan xabarni Surxondaryo viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi xodimlari joyida o‘rgandi.

O‘rganish chog‘ida qurilish maydonidagi archa daraxtlari tegishli ruxsatsiz kesib tashlangani aniqlandi. Turarjoy binosi qurilishi bahonasida yashil boyliklarga chang solib, qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygan Kamoliddin Qiyomov va Sobir Boltayev (ism-shariflar o‘zgartirildi)ga O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 25 barobari, ya’ni 10 million 300 ming so‘m jarima jazosi qo‘llanildi. Shuningdek, kesilgan daraxtlar natijasida o‘simlik dunyosiga yetkazilgan 38 million 459 ming so‘m zararni undirish belgilandi.  

Yana bir holatda viloyat ekologlari Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi va jamoatchi inspektor hamkorligida Jarqo‘rg‘on tumani Oltintepa mahallasida o‘tkazgan reyd chog‘ida “Oqtepa” massivida Murod Xolliyev ichki ariqni qazish jarayonida ehtiyotsizlik tufayli jiyda daraxtini qo‘porib olganiga duch keldi. Bu qilmishi uchun Murod Xolliyev ham 10 million 300 ming so‘m jarima va yetkazilgan zarar uchun 9 million 888 ming so‘m to‘laydigan bo‘ldi.  

Tabiat jonkuyarlarining Muzrabot tumanidagi nazorat tadbirlarida Yangi diyor mahallasiga yaqin hududdagi suv o‘zanida g‘ayriqonuniy baliq ovchilarini “qarmoq”qa ilintirib, Sherobod tumanidagi Oltin voha mahallasida yashovchi besh shaxsni ashyoviy dalillar bilan ushladi. Baliq ovlashda taqiqlangan usul –¬ qo‘lbola qarmoqdan foydalangan kushandalar 27 dona zog‘ora va bir dona kumush tovon balig‘ini noqonuniy ovlagani aniqlandi.  

Ekologik muvozanat va hayvonot dunyosining tabiiy ko‘payish jarayoniga jiddiy shikast yetkazmoqchi bo‘lgan qonunbuzarlar bu qilmishi bilan atrof-muhitga 56 million 444 ming so‘m zarar keltirgani ma’lum bo‘ldi.

Mazkur holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar tegishli chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etish uchun tayyorlanmoqda.  

Xolmo‘min Mamatrayimov,

O‘zA muxbiri