Toshkent viloyatining tabiatni muhofaza qilishga mas’ul idoralari hamkorligida Piskent tumani “Lolaariq” MFY hududida aholining e’tirozlariga sabab bo‘layotgan noqonuniy chiqindixona bartaraf etildi.
Ushbu hudud noma’lum fuqarolar tomonidan turli xil chiqindilar tashlab ketilishi natijasida chiqindixonaga aylangan edi. Mutasaddilar tashabbusi bilan maxsus texnikalar jalb etildi va chiqindilar olib chiqildi.

Joriy yilda Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi davlat inspektorlari tomonidan olib borilgan nazorat reyd tadbirlarida maishiy va qurilish chiqindilarini belgilanmagan yer maydonlariga tashlash bilan bog‘liq 1 ming 173 ta huquqbuzarlik holati aniqlangan. Bu bo‘yicha huquqbuzarlarga nisbatan 701 million 985 ming so‘m jarima qo‘llanilgan.

Bundan tashqari, 7 ta huquqbuzarlik holati yuzasidan hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etilgan. Bugungi kunda viloyatda jami 15 ta maishiy chiqindi poligonlari mavjud bo‘lib, ularning umumiy maydoni 202,2 gektarni tashkil qiladi.
Ayrim hollarda aholi tomonidan belgilanmagan joylarga chiqindilarni tashlash ko‘plab noqulayliklarga sabab bo‘lmoqda. Aslida bunday harakatlar uchun qonunda belgilangan tartibda chora ko‘rilishini fuqarolar unutmasliklari lozim.

A.Musayev, O‘zA muxbiri