Buxoro viloyati Tabiat resurslari boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida jurnalistlar, blogerlar, bojxona boshqarmasi xodimlari qatnashdi. Tadbirda viloyat Tabiat resurslari boshqarmasi boshlig‘i Murodjon Umarov amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berdi.
Ta’kidlanishicha, boshqarma va uning quyi tizimi orqali 2023 yilning 4 oyi davomida 710 ta davlat ekologik nazorat tadbirlari, shundan 45 ta yirik korxonalarda monitoring tekshiruvlari, 665 ta reyd tadbirlari amalga oshirilgan. Davlat ekologik nazorati natijasida 665 ta qonun buzilish holatlari aniqlanib, 569,5 million so‘m ma’muriy jarimalar va 107 ta holat yuzasidan 303,689 million so‘m tabiatga yetkazilgan zarar summalari belgilangan. Huquqbuzarliklar 2022 yilning shu davriga (808 ta qonunbuzilish) nisbatan 18 foizga kamaygan.
Shundan, atmosfera havosini muhofaza qilish yo‘nalishida 123 ta qonun buzilish holatlari aniqlanib, 45,45 million so‘m, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish yo‘nalishi bo‘yicha 261 ta qonun buzilish holatlari aniqlangan. 98,4 million so‘m suv, yer resurslari va yer osti boyliklarini muhofaza qilish yo‘nalishida 77 ta qonun buzilish holatlari aniqlanib, 63,25 million so‘m, bioxilmaxillik va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar yo‘nalishida 204 ta qonun buzilish holatlari aniqlanib, 362,4 million so‘m ma’muriy jarima va 107 ta holatda 303,689 million so‘m tabiatga yetkazilgan zarar hisoblangan.
Atrof-muhit ifloslanishi monitoringini amalga oshirish doirasida 45 ta korxonalarning 78 ta manbalarida 152 ta (suv, tuproq, havo) namunalar olinib, 474 ta tahlillar o‘tkazilgan. Hududlarni sanitar tozalash xizmatlari bilan qamrab olish darajasi
99,8 foizga, ya’ni mavjud 544 ta mahallalardan 542 ta mahallalar qamrab olindi, chiqindilarni qayta ishlash darajasi 45,2 foizga yetkazildi. 2023 yilning bahor mavsumida “Yashil makon” umummlliy loyihasi doirasida 10,022 million dona manzarali, mevali daraxt va buta ko‘chatlari ekildi. Dastur doirasida 2022 yilda Buxoro viloyatida jami 21,7 gektar yer maydonlarida “Yashil bog‘”lar tashkil qilindi. Bunda “Yashil bog‘lar” va “yashil jamoat parklari” ni tashkil etish uchun mahalliy byudjet hisobidan mablag‘lar moliyalashtirildi.
Bundan tashqari, viloyatdagi yirik ishlab chiqarish korxonalari hamda tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan o‘tgan yilda 59,7 gektar sug‘orish imkoniyatlari mavjud bo‘lgan yer maydonlarida “Yashil bog‘”lar tashkil qilinib, 2023 yil bahor mavsumida mazkur bog‘larga 76470 tupdan ortiq manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekildi.
Shahar va tumanlar hududlarida ekilgan daraxtlarni sug‘orish uchun dastur doirasida 15 kilometr sug‘orish tizimini tashkil qilish hamda 13 ta suv chiqarish quduqlari qurildi. 2023 yilda ekilgan daraxtlarni sug‘orish uchun dastur doirasida
17 kilometr sug‘orish tizimini tashkil qilish rejalashtirilgan.
“Yashil qoplama” barpo qilish bo‘yicha Ekologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida viloyat hududida 2022 yilda 40 ming gektar maydonda “Yashil qoplamalar” himoya o‘rmonzorlari barpo etish belgilangan. O‘tgan 2022 yilda jami 40 ming gektar, shundan Romitan tumanidan 4,5 ming gektar, Jondor tumani cho‘l hududidan 35,5 ming gektar “Yashil qoplama” o‘rmonzorlari barpo etildi. Bunda ushbu tadbirlarni amalga oshirish uchun mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 2 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.
Ushbu tadbirlarni davom ettirgan holda joriy yilda ham viloyatimiz hududida 40 ming gektar maydonda “yashil qoplamalar” himoya o‘rmonzorlari barpo etishni rejalashtirilgan. Bu tadbirlarni amalga oshirish uchun mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 3,8 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi nazarda tutilgan. Hozirgi kunda ekish ishlari davom etayotgan bo‘lib, 25,2 ming gektar maydonda ekildi. Bundan tashqari, viloyatdagi magistral avtomobil yo‘llari bo‘ylarida 300 mingga yaqin daraxt va buta ko‘chatlari ekildi.
2023 yilda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida kuz mavsumida daraxt va buta ko‘chatlarini ekish ishlarini samarali tashkil etish, bo‘yicha vazifa va topshiriqlar belgilab olingan. Buxoro viloyati Tabiat resurslari boshqarmasi laboratoriyasi ish samaradorligini oshirish maqsadida 10 turdagi 159 dona yuqori aniqlikda ishlovchi uskunalar olib kelindi. Laboratoriyaga olib kelingan yangi uskunalar zamonaviy yuqori aniqlikka ega bo‘lib, sanoqli daqiqalarda ko‘rsatkichlarni olish imkonini beradi. Avtomatik tarzda tahlil natijalarini tezkor ravishda chiqarib beradi.
Endilikda mazkur uskunalar yordamida Buxoro hududida havo changlanishi, suvning sho‘rlanish darajasi, yerlarning tabiiy holati, bir so‘z bilan aytganda ekologik o‘zgarishlar bilan bog‘liq barcha jarayonlarni nazorat va tahlil qilish imkonini beradi. Ushbu uskunalardan bugungi kunda foydalanib kelinmoqda. Ma’lumot uchun, 2021-2022 yillar davomida 1,432 milliard so‘m evaziga zamonaviy laboratoriya uskunalari xarid qilingan.
Matbuot anjumanidan so‘ng ommaviy axborot vositalari xodimlari, blogerlar boshqarmaning Atrof-muhit ifloslanishini monitoring qilish hamda cho‘llanishga qarshi kurashish bo‘limi faoliyati bilan tanishdi. Bo‘limda atmosfera havosini, Oqava suvlarni hamda tuproq ifloslanishini nazorat qilish sektorlari mavjud. Tadbir ishtirokchilari suv, havo va tuproqdan qanday tartibda tahlillar olinishi jarayonlari bilan tanishdi.
[gallery-11999]
Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlarni qiziqtirgan savollarga soha xodimlari tomonidan batafsil javob berildi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA