Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tabiatni e’zozlash o‘zimizni asrash demakdir
16:27 / 2025-09-22

Bugungi kunda har bir insonning kelajagi ekologiya masalasi bilan uzviy bog‘liq. Sababi sog‘lom hayot tarzi eng avvalo kundalik odatlarimizdan boshlanadi.

Misol uchun, chiqindilarni belgilangan joylarga tashlash, suvdan to‘g‘ri foydalanish, tabiatga g‘amxo‘rlik qilish – bu nafaqat shaxsiy mas’uliyat, balki jamiyat oldidagi burch hamdir. Shu maqsadda mamlakatimizda yoshlar ishtirokida qator ekologik tadbirlar o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi partiya tashkiloti tomonidan “Ekologiya va yoshlar” oyligi doirasida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida “Ekologik odatlar hayotni o‘zgartiradi” mavzusida seminar tashkil etildi.

Seminarda institutning yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Aybek Bazarbayev so‘zga chiqib, bugungi kunda talaba-yoshlarning ekologik madaniyatini oshirish, ularni atrof-muhitni asrashga keng jalb etish masalalariga alohida to‘xtaldi.

“Ekologiya va salomatlik” ayollar klubi Kengashi raisi Aydana Abdrahmanova o‘z nutqida ekologik odatlarning kundalik hayotdagi o‘rni haqida batafsil ma’lumot berdi. 

—Aksariyat hollarda odamlar o‘z sog‘lig‘iga e’tibor beradiyu, lekin tabiatga e’tibor berish haqida o‘ylab ham ko‘rmaydilar,—dedi Aydana Abdrahmanova. — Aslida tabiatga e’tibor – inson sog‘lig‘iga e’tibor demakdir. Shu bois biz farzandlarimiz qalbida yoshlikdanoq tabiatga mehr o‘yg‘otsak, nafaqat atrof-muhitni, balki o‘z kelajagimiz va farzandlarimizning hayotini ham asraymiz. Bugungi tadbirda ayniqsa yoshlarning faolligi meni juda quvontirdi, chunki haqiqiy o‘zgarish aynan ulardan boshlanadi.

Shuningdek, tadbir davomida ekologik mavzularda taqdimotlar o‘tkazildi savollarga javoblar berildi, talabalarning fikr-mulohazalari tinglandi. Yoshlar tomonidan ekologik targ‘ibotga oid tashabbuslar ilgari surildi.

Nigora Rahmonova, O‘zA